“Agrobank” ATB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qamashi filiali mansabdor shaxslari jinoiy til biriktirib, oʻziga ishonib topshirilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uznewsʻning maʼlum qilishicha, talon-toroj qilingan summa qariyb 4 milliard soʻmni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan IJQQ departamenti Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167 (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Viloyat prokuraturvsiga koʻra, tergov davomida 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
“Tergovning borishi alohida nazoratga olingan. Tergov yakuni boʻyicha batafsil axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Oʻzbekistonda 2022 yil davomida jami 2965 ta jinoyat ishi boʻyicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi. Ular jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,012 trillion soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan boʻlib, ushbu zararning 847 milliard soʻmi undirilgan.
Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 2022 yil davomida 12 141 nafar shaxsga nisbatan 9807 ta jinoyat ishi koʻrib tamomlangani haqida maʼlum qilingandi. Xususan, sohalar boʻyicha korrupsiyaga oid koʻrib tamomlangan ishlar boʻyicha bank yoʻnalishida 7 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.


