Senatning oʻttiz beshinchi yalpi majlisida 2022–2026 yillarga moʻljallangan davlat dasturining 2022 yil 9 oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan hukumatning hisoboti eshitildi.
Maʼlum qilinishicha, hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida 2021 yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichi 105,8 foizni tashkil etgan.
Davlat byudjetining jami xarajatlari 162,4 trln soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 83,3 trln soʻmni tashkil qilgan. Amalga oshirilgan jami xarajatlar 2021 yilning mos davriga nisbatan 24,7 foizga oshgan.
Hisobot davrida 1,9 mln nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi taʼminlangan.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 69,3 mingdan ziyod yangi savdo va servis obyektlari ishga tushirilgan boʻlib, ularda 1 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlangan.
“Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish maqsadida umumiy qiymati 700 mln dollardan ortiq boʻlgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida quvvati 1 154 MVtga teng 5 ta elektr stansiyalari ishga tushirilgan.
Yoʻl-transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 5,8 trln mablagʻlar hisobiga jami 15 ming 95 km avtomobil yoʻllari hamda 104 ta koʻprik taʼmirlangan.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2 762 ta obyekt uchun 23,8 trln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, hisobot davrida 466 ta maktab, 163 ta maktabgacha taʼlim, 63 ta tibbiyot, 11 ta sport obyekti foydalanishga topshirilgan.


