Xorij fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston hududidan chiqib ketishdan avval xarid qilingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi xabar bermoqda.
Xorijiy davlat fuqarolariga ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda toʻlangan QQS summasini qaytarish – Tax Free tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.
Tax Free qaysi mahsulotlarga tatbiq etiladi?
Tax Free Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi chakana savdo obyektlarida qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Qancha miqdorda xaridni amalga oshirish lozim?
Umumiy qiymati kamida 1 mln soʻm boʻlgan Tax Free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.
Chet el fuqarolari Tax Freeʻdan qanday foydalanishi mumkin?
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtishi va xaridlari boʻyicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.
Tax Free summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvaragʻiga oʻtkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni Soliq mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Chet davlat fuqarolari Oʻzbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin boʻladi.
Toʻlangan soliq summalari qachon qaytariladi?
Tax Free summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangan soʻng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25 kunidan keyin qaytariladi.


