Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti Yaponiyaning Toyo universiteti bilan hamkorlik qiladi

Uchrashuvda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, oʻzbekistonlik talabalarning Toyo universitetida amaliyot oʻtash imkoniyatlari koʻrib chiqildi

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Tokio shahridagi Toyo universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi koʻmagida turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida Toyo universiteti Kuzatuv kengashi raisi Shinji Fukukava, universitet prezidenti Esuko Yaguchi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Aziz Abduhakimov Toyo universiteti rahbariyatiga Oʻzbekistonda turizm va madaniy meros sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyatidagi yangiliklar haqida maʼlumot berdi.

Toyo universiteti Kuzatuv kengashi raisi Shinji Fukukava Oʻzbekiston va Yaponiya taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida katta salohiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Universitet prezidenti Esuko Yaguchi Oʻzbekiston bilan gumanitar, aniq va amaliy fanlar, “yashil” va “barqaror” turizm masalalari hamda obyektlar restavratsiyasi boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar borasida hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qildi.

Shuningdek, Yaponiya tomon Oʻzbekistonning Ipak yoʻli mamlakatlari fuqarolari uchun Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida 85 davlat granti ajratishga doir tashabbusini yuqori baholadi.

Tomonlar turizm sohasida tadqiqotlar oʻtkazish, jumladan Oʻzbekistondagi buddaviylik merosini oʻrganish, buddizm obidalari restavratsiyasi, arxeologik qazishmalarni amalga oshirish, ilmiy seminar va izlanishlarni olib borishga oid kelishuvga erishishdi.

Shuningdek, Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Toyo universiteti talabalari uchun yozgi kampus tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Toyo universiteti oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolanib, u akademik hamkorlik, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, turizm sohasida Yaponiyaning ilgʻor tajribasini qoʻllashni koʻzda tutadi.