Moliya vazirligi 6 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatning investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi hamda investitsiya vositachisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish xuquqini beruvchi litsenziyalarini bekor qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, vazirlikning kapital bozorini rivojlantirish departamenti tomonidan bir qancha qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi hamda investitsiya vositachisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish xuquqini beruvchi litsenziyalarni bekor qilishni nazarda tutuvchi arizalari koʻrib chiqilgan.
Gradient, Andijon vaqt, Shams-invest, Fayz-Reestr, Consulting solutions group, Alpenfort capital masʼuliyati cheklangan jamiyatlari ushbu roʻyxatdan joy olgan.
Moliya vazirligining tegishli qaroriga asosan bu korxonalarning litsenziyalari va litsenziya bitimlari bekor qilingan.
Avvalroq Oʻzbekistondagi yirik metallurgiya zavodlarini ishonchli boshqaruv asosida boshqargan SFI Management Groupʻning litsenziyasi bekor qilingandi.
“SFI Management Group” MCHJ XKga tegishli investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida bergan arizasi koʻrib chiqilgandi.
Moliya vazirligining 2022 yil 14 yanvardagi qarori bilan “SFI Management Group” MCHJ XKga tegishli, qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya bekor qilingan.
Shuningdek, Davlat qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari sotib olishi mumkinligi belgilanayotgani xabar qilingandi.
Unga koʻra, Prezidentning 2021 yil 13 apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat gʻaznachilik majburiyatlari va obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 14 dekabrdagi 1016-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi toʻgʻrisidagi 82-sonli qarori tasdiqlangan.
Ushbu qarorga muvofiq, davlat qimmatli qogʻozlarini (keyingi oʻrinlarda — DQQ) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari (shu jumladan, jismoniy shaxslar) va norezidentlari sotib olishi mumkinligini belgilash nazarda tutilgan.


