Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Markaziy bank pul-kredit siyosati operatsion mexanizmi va koʻrsakichlariga oʻzgartirishlar kiritdi

Pul-kredit siyosati operatsion mexanizmi va koʻrsakichlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Foto: Sputnik

Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvining 2022 yil 21 iyuldagi qarori bilan pul-kredit siyosati operatsion mexanizmi va koʻrsakichlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Inflyatsion targetlash rejimiga oʻtgan ilgʻor xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya bozorlari tajribasidan kelib chiqib, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish va pul bozori koʻrsatkichlarining ahamiyatini oshirish maqsadida:

  • 4 avgustdan likvidlikni tartibga solishga qaratilgan asosiy operatsiyalar — depozit auksionlarining muddati 1 haftaga qisqartiriladi va haftada 1 marotaba oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi;
  • pul bozoriga Markaziy bankning asosiy stavka oʻzgartirilishi boʻyicha qarorlarini samarali oʻtkazish maqsadida umumiy likvidlikni tartibga solishda 1 haftalik depozit auksionlarining roli oshirib boriladi;
  • 22 iyuldan banklararo pul bozorida qisqa muddatli resurs narxini oʻzida ifoda etuvchi UZONIA foiz stavkasi, UZONIA indeksi va turli muddatlar uchun muddatli jamlangan UZONIA foiz stavkalari hisoblab chiqiladi va eʼlon qilib boriladi.

Maʼlum qilinishicha, “Oʻzbekiston Respublikasi Banklararo pul bozorining UZONIA indeksini (Uzbek Overnight Index Average — oʻrtacha overnayt indeks) hisoblash va eʼlon qilish Metodologiyasi” Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki hamda barcha tijorat banklari ishtirokida ishlab chiqilgan va Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 21 iyuldagi yigʻilishida tasdiqlangan.

Avvalroq Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishlari makroiqtisodiy rivojlanish shartlari va pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilashda taʼsir etuvchi omillar qatoriga qoʻshilgandi.