Oliy majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida moliya vaziri Timur Ishmetov hamda deputat Gulbahor Saidgʻaniyeva oʻrtasida kichik tortishuv yuzaga keldi. Lavha UzReport telekanalida efirga uzatildi.
Gulbahor Saidgʻaniyeva “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 2 ming nafar aholisi bor hududlarda 10 mingdan ortiq ovoz yigʻilishi “sunʼiy ovoz toʻplashdan boshqa narsa emasligini”, bu esa koʻpchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlayotganini taʼkidladi.
“Men oldingi yigʻilishlarimizda ham takliflar bergandim. ID tizimiga oʻtish, bir nafar fuqaroni 50 ta sim-kartasi boʻlsa ham, u bir martadan ortiq va bir hududda yashayotgan fuqaroni boshqa hudud uchun ovoz bera olmasligi tizimini ishlab chiqish boʻyicha takliflar bergandim”, — dedi deputat.
Moliya vaziri Timur Ishmetov esa bunga javoban deputatga keskin javob qaytardi.
“Mening ovozimni cheklashga nima haqqingiz bor? Men oʻzim yashayotgan Mirobod tumanida birorta loyihaga ovoz bermaganman. Lekin Moʻynoq tumanidagi bir loyihaga ovoz berdim. Bu — mening ovozim. Siz mening biror hududga ovoz berishimni cheklashga haqqingiz yoʻq”, — dedi Ishmetov.
Shundan soʻng Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputatning taklifi “joylardagi holat va odamlarning kayfiyatini koʻrib” aytilayotgan taklif ekanini taʼkidladi.
Timur Ishmetov deputat bir necha marta taklif bergan boʻlsa, bir necha marta javob qaytarilayotganini aytdi.
“Kerak boʻlsa, koʻpgina javob berasiz”, — dedi Nurdinjon Ismoilov moliya vaziriga.
“Tashabbusli byudjet-2021”
Maʼlumot oʻrnida, 2021 yilda tashabbusli byudjet jarayoni davomida fuqarolardan kelgan takliflarni moliyalashtirish uchun 407,1 milliard soʻm yoʻnaltirildi. 2021 yilda oʻtkazilgan tashabbusli byudjet jarayoni davomida fuqarolar tomonidan jami 41 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan va ushbu takliflarga 1,1 milliondan ortiq fuqarolar oʻz ovozlarini bergan.
Natijada mamlakat boʻylab qariyb 1600 ta takliflar gʻolib deb topilgan hamda ushbu takliflarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” mablagʻlari xisobidan jami 407,1 milliard soʻm yoʻnaltirilgan.
Ochiq byudjet axborot portali
Ochiq byudjet axborot portali Oʻzbekistonning byudjet tizimi byudjetlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tizimi axborotiga kirish va Oʻzbekistonda byudjet jarayonini tashkil etish toʻgʻrisida tegishli axborotni taqdim etishni maqsad qilgan.


