Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

McDonaldʻs Rossiyadagi biznesini sotishi va mamlakat bozorini tark etishini eʼlon qildi

Kompaniya bitim yopilgunga qadar xodimlarga ish haqi toʻlanishini taʼminlash niyatida.

Foto: Reuters

McDonaldʻs fast fud restoranlari tarmogʻi Rossiyani tark etish va mamlakatdagi biznesini sotishga qaror qildi, deya xabar berdi kompaniya.

Xabarga koʻra, McDonaldʻs biznesini sotish jarayoni allaqachon boshlangan. Uning yangi egasi McDonaldʻs nomi, logotipi, savdo belgisi yoki anʼanaviy menyu nomlaridan foydalana olmaydi.

Aniqlik kiritilishicha, kompaniya bitim yopilgunga qadar xodimlarga ish haqi toʻlanishini taʼminlash niyatida. Bosh direktor Kris Kempchinskining soʻzlariga koʻra, tarmoqda 62 ming kishi ishlaydi.

“Rossiyada biznes qilish endi imkonsiz va bu McDonaldʻs qadriyatlariga mos kelmaydi”, deya tushuntirdi kompaniya.

Kompaniyaning Rossiyadagi vakolatxonasidagi Forbes manbasining aytishicha, yangi brend ostidagi muassasalar iyun oyi oʻrtalaridayoq ochilishi mumkin. Unga koʻra, rossiyalik sotuvchi kompaniyaga tegishli boʻlmagan franchayzing doʻkonlaridan tashqari butun biznesni sotib oladi. 

Bundan tashqari, yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan barcha shartnomalar saqlanib qoladi.

Rossiya va McDonaldʻs

McDonaldʻs Rossiyada 30 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib keladi va mart oyi boshida Ukrainaga hujum boshlanganidan keyin mamlakatdagi barcha — 850 ta restoran faoliyati toʻxtatilganini eʼlon qildi.

Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, rus biznesi poytaxtda yopilgan xorijiy restoranlar tarmogʻini “sokinlik bilan” “olti oy, koʻpi bilan bir yil ichida” almashtira oladi.

Biroq “Teremok” restoranlar tarmogʻi asoschisi Mixail Goncharovning fikricha, McDonaldʻs kabi tarmoqni 2-3 yil ichida ham yaratish imkonsiz.

Uning taʼkidlashicha, buning uchun oʻnlab yillar davomida “yuz minglab rahbarlar, marketologlar va muhandislar” mashaqqatli mehnati va hukumatning ragʻbatlantiruvchi choralari kerak boʻladi.

Har choraklik hisobotga koʻra, Rossiya va Ukrainadagi restoranlar yopilganidan keyin McDonaldʻs jiddiy yoʻqotishlarga uchradi. Zanjir binolar ijarasini, vaqtincha yopilgan muassasalar xodimlariga ish haqini toʻlash, shuningdek yetkazib beruvchilarga toʻlash uchun 27 million dollar sarfladi.

McDonaldʻs restoranlari tarmogʻi 2022 yilning birinchi choragi uchun eʼlon qilgan moliyaviy hisobotga koʻra, kompaniya foydasi 2021 yilning shu davriga nisbatan 28 foizga kamayib, 1,54 milliard dollardan (har bir aksiya uchun 2,05 dollar) 1,1 milliard dollarga (har bir aksiya uchun 1,48 dollar) tushdi.