Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Taniqli aktyor va rejissyorlar Qashqadaryo mahallalari va maktablariga tashrif buyurdi

Qashqadaryo viloyatida kinofilmlar namoyishi, “Mening kino qahramonim” insholar tanlovi va madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Qashqadaryo viloyatiga madaniyat va sanʼat namoyandalari, jumladan, taniqli kinoijodkorlar tashrifi uyushtirildi. Tadbirlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga muvofiq Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

Kinematografiya agentligi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan birgalikda rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etib, “mahallabay” tizimi doirasida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Har bir mahallada “Kinoklub” ixtisoslashtirilgan avtotransportlari yordamida yangi milliy filmlar namoyishi tashkil etilmoqda. Qashqadaryolik hamkasblar safiga respublikaning barcha hududlaridan kinoijodkorlar qoʻshilmoqda.

“Biz Qashqadaryo viloyatining chekka hududlarida, mahalla, guzarlar, aholi yashash punktlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan yangi kinokartinalarimizning namoyishlarini oʻtkazmoqdamiz. Shuningdek, oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan milliy filmlar ham taqdim etilmoqda. Oʻzbek xalqi ushbu kinoasarlarni iliq kutib olmoqda”, — deydi Kinematografiya agentligi Samarqand viloyati hududiy boʻlim boshligʻi Farmon Roziqov.

Qashqadaryo viloyatida yurtimizdagi bir qancha sanʼatkorlar va ijodkorlar ishtirokidagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar boshlanib ulgurdi. Kinematografiya agentligi ham mazkur tadbirlarga jalb etilgan taniqli kinoijodkorlardan iborat “Maʼrifat karvoni”da faol ishtirok etmoqda.

“Bu kabi tadbirlar nafaqat kinomuxlislar, balki sanʼatkorlar uchun ham katta motivatsiya boʻladi. Yaxshi kinofilmlarning targʻiboti, jonli ijodiy uchrashuvlar, ayniqsa, oʻzaro muloqotlar orqali ʻYangi Oʻzbekistonʻ shukuhini his etish, mamlakatimizda boʻlayotgan ijodiy oʻzgarishlarni mazmun mohiyatini yanada chuqurroq anglashga zamin yaratadi”, — deya soʻzladi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov.

Kecha viloyatning Qarshi shahrida, Yakkabogʻ tumani Saxovat uyida, Nishon tumanida, Qarshi sanatoriyasida koʻngilochar tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Nishon tumanida kinoijodkorlar, yozuvchilar, ziyolilar va estrada yulduzlari bilan yoshlar oʻrtasida kinoviktorinalar va kino sanʼatiga oid davra suhbatlari oʻtkazildi. Faol ishtirokchilarga kitoblar va boshqa esdalik sovgʻalari taqdim etildi.  

Shu bilan birga, 1 ming 200 dan ortiq maktabning 8-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Mening kinoqahramonim” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazilmoqda. Kinoijodkorlar maktablarda namoyish etish uchun “Ilhaq”, “Oʻtkan kunlar”, “Matonat maktabi” va “Abdulla Oripov” filmlarini olib kelgan. Filmlarni tomosha qilgandan soʻng oʻquvchilar tomonidan ijodiy ishlar yoziladi, ular avval tuman, keyin esa viloyat bosqichida baholanadi. Gʻoliblar maxsus sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

“Kinoijodkorlarga eʼtibor kerak, xalqning olqishi va mehri kerak. Mana shunday tadbirlarda biz ana shu mehrni his etamiz. Bugun Prezident tashabbusi bilan Qashqadaryoga tashrif buyurdik, bu yerda bir qator ijod vakillari bilan mahallalardagi uchrashuvlarda ishtirok etib, oʻzbek sanʼati, ayniqsa, milliy kinomizni targʻiboti bilan mashgʻul boʻlamiz. Bu bizga yanada gʻayrat va ilhom bagʻishlaydi”, — deya soʻzladi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shohida Uzoqova.

Qarshi shahridagi “Shayx Ali” mahallasida joylashgan 18-sonli Muruvvat uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman” filmi namoyish etildi.

“Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar oʻylaymanki, yuqori saviyada oʻtadi. Biz kino va teatr ijodkorlari bu borada xalqimiz xizmatiga bel bogʻlab keldik. Har bir mahallada milliy filmlarimizni sevib tomosha qiladigan, yaxshi kinoasarlarga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz uchraydi. Viloyatga safarimiz orqali ana shu insonlar bilan jonli muloqotlar uyushtirib, milliy filmlarimizni birgalikda tomosha qilamiz. Bu ham biz ijodkorlar uchun yanada ilhom bagʻishlaydi”, – deydi taniqli kinoaktyor Xurshid Toʻxtayev. 

Tashrif doirasida kinorejissyorlar tomonidan iqtidorli yoshlarni aniqlish, isteʼdodini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida kastinglar va videoprobalar tashkil etish rejalashtirilgan.

“Soʻnggi yillarda koʻplab yangi filmlar yaratilmoqda, shu sababli davlatimiz rahbari tomonidan ana shu maʼrifiy film loyihalarini har bir mahallaga, har bir aholi qalbiga yetkazish vazifasi yuklatilmoqda. Tadbirlarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad ham shundan iborat. Oʻylaymanki, Qashqadaryoning ijobiy tajribasi tez orada butun respublika boʻylab tarqaladi”, — deya taʼkidladi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.