Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Jurnalist va blogerlar UzAuto Motors Powertrain zavodidagi ishlar bilan tanishdi

Jurnalistlar “UzAuto Motors Powertrain” AJ zavodida jumladan, Tracker-2 uchun dvigatellarni mahalliylashtirishga oid olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdildi. 

Hukumatning 2020 yil 29 dekabrdagi qaroriga muvofiq, UzAuto Motors hozirgi paytda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish arafasida kompaniya jurnalistlar va blogerlarni Toshkentdagi “UzAuto Motors Powertrain” AJ zavodida jumladan, Tracker-2 uchun ham dvigatellarni mahalliylashtirishga oid olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. 

UzAuto Motors Powertrain Oʻzbekiston bozori, shuningdek, Rossiya, AQSH hamda MDH davlatlariga eksport uchun optimal quvvat va yoqilgʻi sarfini inobatga olgan holda loyihalashtirilgan benzin va bi-yoqilgʻili(benzin/gaz) B-DOHC (Double Overhead Camshaft) ikkinchi avlod dvigatellarini ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda ishchan hajmi 1,2 l va 1,5 l dan iborat ikki tipdagi dvigatellar ishlab chiqarilmoqda va ular Chevrolet Spark, Chevrolet Cobalt, Chevrolet Lacetti va Chevrolet Nexia-3 avtomobillariga oʻrnatilmoqda.

Ayni paytda sanoat ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga hozirlik koʻrilayotgan yangi modellar Chevrolet Tracker-2 va Chevrolet Onix uchun dvigatellar aynan UzAuto Motors Powertrain korxonasida ishlab chiqariladi. Yangi modellar uchun dvigatellarni mahalliylashtirish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan avtosanoat tarmogʻi transformatsiyasi boʻyicha belgilangan muhim istiqbolli vazifalardan biridir. 

Zavod faoliyati mashinalar uchun asosiy butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga qaratilgan va bu esa yangi ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish hamda mahalliy bozorni zarur ehtiyot qismlar bilan taʼminlash imkonini beradi.  

UzAuto Motors Powertrain, shuningdek, krank mili, silindrlar bloki va silindrlar bloki bosh qismi singari dvigatellarning asosiy tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ushbu komponentlarni ishlab chiqarish zavod ishlab chiqarish jarayonining bir qismi sanaladi. Korxona mahsulotlari sifat va GM-GMS (Global Manufacturing System) ishlab chiarish tizimi boʻyicha jahon talablariga javob beradi. 

Kompaniyaning oʻziga xosligi — u Markaziy Osiyoda alyuminiy silindr bloki bosh qismlarini ishlab chiqaruvchi birinchi va yagona zavod hisoblanadi. Bu chindan ham unikal holat, boisi, quyma va yigʻuv ishlab chiqarish bir hududda birlashtirilgan va bu logistikani sezilarli darajada osonlashtirib, butlovchi qismlar transportirovkasi uchun xarajatlar qisqarishini taʼminlaydi. Kompaniyada 1100 nafarga yaqin odam ishlaydi va zarur holatda xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. 

Ayni paytda UzAuto Motors Powertrainʻda Chevrolet Tracker-2 Turbo uchun yangi dvigatellarni ishlab chiqarishni joriy etish ustida ish olib borilmoqda – bu maqsadda yangi ishlab chiqarish liniyasi yoʻlga qoʻyilgan.  Bu yerda bir vaqtning oʻzida silindr blokini alyuminiy quyish hamda metalni qayta ishlash va dvigatellarni yigʻish ishlari olib boriladi. Hozir liniyani sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish uchun optimallashtirish va moslashtirish jarayonlari kechmoqda. Yangi liniyaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 190 mingta dvigatelni tashkil etadi va 50% avtomatlashtirilgan boʻladi, bu oʻz navbatida dvigatellar yigʻishda inson omili koʻrsatkichini sezilarli darajada pasaytiradi.  

“Tracker-2 uchun dvigatellar shu yerda yigʻiladi. Chevrolet Tracker-2 Turboʻni sotuvga chiqarish iyuldan boshlanadi. Prezident qarori bilan oldimizga mahalliylashtirish darajasini oshirish vazifasi qoʻyilgan. Bu endi koʻproq avto butlovchi qismlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishini anglatadi, demak, ularni xorijdan sotib olish zarurati oʻz-oʻzidan barham topadi. Bundan tashqari, yangi ish oʻrinlari yaratiladi”, — deydi “UzAuto Motors Powertrain” dvigatellarni yigʻish va testdan oʻtkazish muhandislari hamda mehnatni meʼyorlashtirish muhandislari menejeri Ravshan Rahmonov.

Chevrolet Tracker-2 krossoveri uch silindrli turbozaryadlovchi dvigatelga ega boʻlib, bu quvvat agregatining yuqori tejamkorligi va ish samaradorligini taʼminlaydi. 

Tracker-2 modeli jihozlari orasida yorugʻlik diodli kunduzgi yurish chiroqlari, uskunalar panelining rangli ekrani, Chevrolet MyLink 8 dyuymli sensor displeyi, 6ta dinamikli audiotizim, multifunksional rul gʻildiragi, konditsioner, panoramali lyuk, orqa koʻrish oynalarining elektr muvofiqlashtirilishi va orqa koʻrish oynalarining istilishi, old va orqa oyna koʻtargichlar ham koʻzda tutilgan.  

Qoʻshimcha tariqasida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston avtomobilsozlik sohasining barcha korxonalari kabi UzAuto Motors Powertrain ham atrof-muhit muhofazasiga alohida eʼtibor bilan yondashadi. 2014 yilda kompaniya ekologik menejment tizimini joriy etdi va ISO 14001 xalqaro sertifikatiga ega boʻldi. 2018 yilda ISO 50001 energetik menejment tizimi joriy etildi va bu quvvat sarfini kamaytirish hamda energiya resurslarini tejashga erishish imkonini berdi. Zavod hududida oqava suvlarni tozalash stansiyasi oʻrnatilgan, u suvni rekord darajadagi past koʻrstakichlargacha tozalashga yordam beradi.