Xitoyning CCTV teleradiokompaniyasi 25 apreldan beri Xanchjou politsiyasi Ma familiyasiga ega erkakka qarshi tergov boshlaganini xabar qildi, deb yozadi Insider.
Bu Gonkong fond birjasidagi Alibaba aksiyalarining 9,4 foizga tushishi uchun yetarli boʻldi, shu sabab kompaniya kapitallashuvi 26 milliard dollarga qisqardi.
Keyinchalik boshqa davlat OAVlari hibsga olingan shaxsning ismida uchta belgi borligini, u 1985 yilda tugʻilganini (Ma 1964 yilda tugʻilgan) hamda IT uskunalar bilan shugʻullanuvchi va ishlab chiquvchi kompaniya rahbari ekanini maʼlum qildi. Bu investorlarni biroz tinchlantirdi va Alibaba aksiyalari savdoni atigi 0,83 foizga pasayish bilan yakunladi.
Xitoy hukumati bilan ziddiyatdan keyin Ma 2020 yil oxiridan beri koʻp koʻrinish bermadi.
“Xitoy texnologik kompaniyalarga nisbatan keskin choralar koʻrmoqda va endi hamma hushyor: agar biror narsa yuz bersa, ular aksiyalarni sotib yuborishadi”, — dedi Gonkongda joylashgan Wealthy Securities boshqaruvchi direktori Luis Sze.
Avvalroq Alibaba aksiyalari 3 may kuni kompaniya asoschisi Jek Maga nisbatan hukumat xavfsizlik tekshiruvi oʻtkazilayotgani haqidagi tasdiqlanmagan mish-mishlar tufayli 9 foizdan koʻproqqa tushganidan keyin taxminan 1 foizga arzonlashgandi.


