Markaziy bank tomonidan “2022 yilning mart oyida aholining daromadlar kesimida inflyatsiya darajasi va sezilgan inflyatsiya sharhi” taqdim etildi.
Unga koʻra, 2022 yilning mart oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya fevral oyidagi koʻrsatkichga nisbatan 2,6 foiz bandga yuqorilab, 15,7 foizni tashkil etgan. Javoblarning mediana qiymati esa 13 foiz atrofida shakllangan.
Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflyatsiyani 9-12 foiz atrofida xis qilgan respondentlar soni koʻpchilikni tashkil qilgan boʻlsa-da, narxlar oʻsishini yuqori boʻlganini qayd etganlar sonida ham oshish kuzatilgan. Javoblarning moda koʻrsatkichi 12,5 foizgacha koʻtarilgan.
Respondentlarning koʻpchilik qismi mart oyida shakar va qandolat mahsulotlari, yogʻ hamda goʻsht va sut mahsulotlari qimmatlaganini sezgan boʻlsa, dukkakli mahsulotlar, tibbiy xizmatlar hamda ichimliklar narxlari oʻsishi kamroq sezilgan.
Faoliyat sohalari boʻyicha tibbiyot, savdo, qurilish hamda davlat tashkilotida faoliyat yuritayotgan respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi boshqa soha vakillariga nisbatan yuqoriroq shakllangan.


