Markaziy bank tomonidan “2022 yilning oktyabr oyida aholining daromadlar kesimida inflyatsiya darajasi va sezilgan inflyatsiya sharhi” taqdim etildi.
Unga koʻra, 2022 yilning oktyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 15,9 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida, 7 ta hududda umumiy va oziq-ovqat inflyatsiya koʻrsatkichlari respublika boʻyicha oʻrtacha inflyatsiyadan balandroq boʻldi.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surhondaryo, Sirdaryo, Navoiy, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida oziq-ovqat narxlari oʻsishi surʼatlari qolgan hududlarga nisbatan yuqoriroq ekanligini koʻrish mumkin.

Asosiy turdagi isteʼmol tovarlari narxlarining oktyabr oyida nisbatan barqaror boʻlganligi kam va oʻrta daromadga ega uy xoʻjaliklarining inflyatsiyasi pasayishiga xizmat qildi. Jumladan, 2 mln. soʻm va 2-4 mln. soʻmgacha daromadlilarning inflyatsiyasi mos ravishda 0,7 va 0,3 foiz bandgacha kamaydi (mos ravishda 13,5 va 12,3 foizni tashkil etdi). Oʻtgan oy davomida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsish tendensiyalari sekinlasha boshlagani ijtimoiy tovarlar narxlari oʻzgarishida ham oʻz aksini topmoqda. Oktyabr oyida ijtimoiy tovarlar1 narxlarining yillik oʻsishi 15,6 foizgacha pasaydi (sentyabrda 16,9 foiz). Ushbu holat asosiy turdagi isteʼmol mahsulotlari hisoblangan piyoz, kartoshka hamda shakar
mahsulotlari yillik oʻsish surʼatlarining oʻtgan oylarga nisbatan sekinlashishi bilan izohlanadi.
Joriy yilning oktyabr oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi biroz pasayib 14,6 foizni tashkil etdi. Belgilangan javoblarning mediana qiymati 0,3 foiz bandga oshdi va 11,9 foiz atrofida shakllandi.

Xususan, soʻrov ishtirokchilari orasida inflyatsiyani 13-20 foiz darajada his qilganlar ulushi oʻtgan oyga nisbatan 7 foiz bandga koʻpaydi. Aksincha, inflyatsiyani 20 foizdan yuqori oshganini his qilganlar ulushi sentyabr oyidagi 24 foizdan oktyabr oyida 20 foizgacha kamaydi.

Oktyabrda respondentlar tomonidan asosiy isteʼmol tovarlaridan narxlari yuqori oshganligini belgilaganlar ulushi oʻtgan oyga nisbatan qisqargan.
Xususan, goʻsht, sut, yogʻ, tuxum, kiyim, poyabzal hamda ijara haqi narxlari yuqori darajada oshgan deb qayd etganlar ulushi deyarli oʻzgarmagan boʻlsa, non, un, shakar, benzin narxlari oshganligini belgilagan respondentlar ulushi oʻtgan oyga nisbatan kamayganini koʻrish mumkin.

Shuningdek, ishlab chiqarish, tibbiyot, maishiy xizmat, ilm-fan va taʼlim hamda davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan respondentlar inflyatsiyani yuqoriroq sezishgan.

Hududlar kesimida Toshkent, Xorazm, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida respondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqoriroq darajada shakllangan boʻlsa, Surxondaryo, Navoiy, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida nisbatan pastroq koʻrsatkichlar qayd etildi.


