Markaziy bank 2026 yil I choragi boʻyicha aholining “Isteʼmol kayfiyati sharhi”ni taqdim etdi. Tahlilda odamlarning daromad va xarajat qilish, qarz olish hamda pul jamgʻarishga boʻlgan kutilmalari oʻrin olgan.
Asosiy daromad oylikdan
Oʻtkazilgan soʻrov natijasida 68 foiz qatnashchi kelgusida daromadi oshishini kutayotganini bildirgan. Yana 25 foiz ishtirokchi daromadlari barqaror saqlanishi, 7 foizi esa topish-tutishi pasayish ehtimoli kattaligini qayd etgan.
Oylik tushumlari 3-5 million soʻm va 7-10 million soʻmlik ishtirokchilar kelgusida daromadlari oʻzgarmasligini taxmin qilgan. Oyiga 20 million soʻmdan koʻp topuvchilar daromadi yanada ortishini kutayotganini taʼkidlagan. 10-15 million soʻm topadiganlar orasida daromadi pasayishini bildirganlar ulushi ortgan.
“Respondentlarning 66 foizi (2025 yil IV chorakda 67 foiz) daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqini qayd etgan. Shu bilan birga, tomorqa, tadbirkorlik va savdo hamda kunlik daromadli ishlar, mulk ijarasi va pul oʻtkazmalari hisobiga daromad topuvchilar ulushi 2025-yilning soʻnggi choragiga nisbatan bir oz oshgan boʻlsa, qolgan daromad manbalari boʻyicha oʻzgarish kuzatilmadi”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.
Xarajat oshishini kutayotganlar koʻp
“Barcha daromad guruhlarida uy-joy taʼmiri ustuvor yoʻnalish sifatida saqlanib qolgan boʻlsa, taʼlim va davolanish uchun xarajatlar ham yuqori ulushni tashkil etgan. Nisbatan pastroq daromadlilar (5 million soʻmgacha) xarajatlarini asosan, uy-joy taʼmiri, taʼlim va kundalik ehtiyojlarga yoʻnaltirgan boʻlsa, oʻrta daromadli guruhlarda (5-10 million soʻm) taʼlim, sayohat, avtomobil hamda toʻy xarajatlariga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Yuqori daromadli guruhlarda xarajatlar tarkibida avtomobil, sayohat, uy-joy xaridi va maishiy texnika kabi yirik xaridlar ulushi yuqori shakllanmoqda. Xususan, 15-20 million soʻm va undan yuqori daromad guruhlarida sayohat, uy-joy xaridi va avtomobil xaridlari ustuvorlik qilmoqda. Shuningdek, mazkur guruhlarda davolanish, maishiy texnika va mebel xaridlariga talab ham nisbatan yuqoriroq boʻlib qolmoqda”, deyiladi tahlilda.
Respondentlar orasida yoshlar (30 yoshgacha) asosan, taʼlim va uy-joy taʼmiri bilan bogʻliq xarajatlarga koʻproq mablagʻ sarflashlarini bildirgan. Oʻz navbatida ular tomonidan sayohat, toʻy va avtomobil xaridlariga boʻlgan yuqori talabi kuzatilmoqda.
Qarz olishga ehtiyoj kuchli
“Respondentlar tomonidan kredit mablagʻlaridan kelgusi davrda uy-joy taʼmiri, taʼlim, toʻy, avtomobil xaridi hamda davolanish bilan bogʻliq xarajatlar ahamiyati oʻzgarmasdan, davomiy sarflar sifatida qaralmoqda”, deya qayd etgan Markaziy bank.
Pul jamgʻarishga moyillik ortgan
Soʻrov ishtirokchilaridan qariyb 40,1 foizi pul jamgʻarmayotganini aytgan. Pul yigʻayotganlarning 65,8 foizi esa kelgusida jamgʻarmalari oshishini kutayotganini bildirgan. Jamgʻarmalari hajmi oʻzgarmasligini taʼkidlaganlar ulushi 22,3 foizni tashkil etgan.
Jamgʻarmalarning kamayishini kutayotganlar ulushi esa qisqarishda davom etib, 11,9 foizga teng boʻlgan.
Kelgusi davr uchun jamgʻarmalarining 1-3 oyga hamda 6 oydan ortiq muddatga yetishini taʼkidlagan respondentlar ulushi 2025-yilning IV choragiga nisbatan bir oz oshgan. Biroq qisqa (1 oygacha) va oʻrta muddatlar (3-6 oygacha) boʻyicha respondentlar ulushi pasayish dinamikasini namoyon etgan.
Joriy yilning dastlabki choragida ham ishtirokchilarning aksariyati (58 foiz) moliyaviy holatlarida ijobiy tendensiyani sezgan.
“Aholining jamgʻarish xulq-atvorida ijobiy oʻzgarishlar davom etmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, bank depozitlari hajmining yuqori surʼatlarda oʻsishida ham aks etmoqda”, deya maʼlum qilgan regulyator.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2026 yil I choragida banklarda milliy valyutadagi muddatli omonatlar qoldigʻi oʻtgan yil mos davriga nisbatan 31,1 foizga oʻsgan. Markaziy bank mazkur holat moliyaviy instrumentlarning kengayib borayotgani sharoitida aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligi oshib borayotganini qayd etgan.


