Gulnora Murodova Moliya vazirligining Aholini ijtimoiy himoya qilish va davlat ijtimoiy xizmatlari tarmoqlarida byudjet siyosati departamenti direktori etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Gulnora Murodova 1987 yilda Toshkent viloyati, Qibray tumanida tavallud topgan. Maʼlumoti oliy, 2008 yilda Toshkent shahridagi Plexanova nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasini va 2010 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Gulnora Murodova oʻz mehnat faoliyatini 2008 yilda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan, 2013–2017 yillarda bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, 2017–2019 yillarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bosh mutaxassisi, keyinchalik esa shoʻba mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar u Moliya vazirligining Ijro nazorati va murojaatlar bilan ishlash departamentining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi lavozimida samarali faoliyat yuritgan.
Avvalroq Moliya vaziri va Markaziy bank raisi Xalqaro valyuta fondi vakillari bilan uchrashgani xabar qilingandi. Shuningdek, Ipoteka kreditlari vaqtincha Moliya vazirligi resurslari orqali moliyalashtirilishi haqida xabar berildi.


