Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda naqd dollar taqchilligi kuzatilmoqdami? Markaziy bank raisi javob berdi

Bugungi kunda naqd xorijiy valyuta amaliyotlari boʻyicha qoʻshimcha talablar yoki cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmagani aytildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonda naqd dollar yoki yevro taqchilligi holatlari kuzatilmayapti. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov maʼlum qildi.

Regulyator rahbari tijorat banklari ichki bozorda naqd xorijiy valyuta yetarliligini taʼminlab kelayotganini taʼkidladi.

“Bugungi kunda mamlakatda naqd dollar yoki yevro taqchilligi holatlari kuzatilmayapti. Tijorat banklari ichki bozorda naqd xorijiy valyuta yetarliligini taʼminlab kelmoqdalar. Mavjud naqd valyuta zaxiralari oʻrtacha 3-4 oylik naqd ayirboshlash operatsiyalariga boʻlgan talabni toʻliq qondira oladi”, — deydi u.

Markaziy bank raisining soʻzlariga koʻra, 2020 yilda pandemiyaning boshlangʻich davrida aviaqatnovlar boʻyicha aksariyat davlatlar tomonidan kiritilgan cheklovlar sababli tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutaning mustaqil olib kelinishi qiyinlashgan edi. Bunday vaziyatda Markaziy bank tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kelish jarayonini markazlashgan holda tashkil etilib, tijorat banklariga taqdim etilgan.

Kelgusida taqchillik vaziyatlari yuzaga keladigan boʻlsa, albatta naqd valyutani markazlashgan tartibda olib kelish boʻyicha zaruriy choralar koʻrilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Mamarizo Nurmuratov “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxlar uchun naqd xorijiy valyutani Oʻzbekistondan olib chiqib ketish 100 million soʻm ekvivalentidan oshmagan summada amalga oshirilishi mumkinligi, yuridik shaxslar uchun naqd xorijiy valyutani mamlakat hududidan olib chiqib ketish taʼqiqlanganini eslatdi. Ushbu talab norezidentlar uchun ham amal qiladi.

Raisning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda naqd xorijiy valyuta amaliyotlari boʻyicha qoʻshimcha talablar yoki cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmagan.