Soliqchilar jazolovchi emas, koʻmakchi boʻlishi kerak. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qoʻmitasida sohani takomillashtirish boʻyicha navbatdagi vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda aytib oʻtdi.
Davlat rahbari dunyodagi tez oʻzgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini taʼminlash, tadbirkorlarga koʻmak berish zarurligini alohida taʼkidladi.
“Men bu yerga soliq toʻlovchilarning vakili boʻlib keldim. Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni toʻgʻri qilib, bilmaganlarga oʻrgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, koʻmakchi boʻlishi kerak” — deydi Prezident.
Aytib oʻtilishicha, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli koʻplab savollar ham paydo boʻlmoqda. Shuning uchun “Soliqchi — koʻmakchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni oʻrgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Soliq qoʻmitasiga barcha hududlarda tadbirkorlar bilan muloqotlar oʻtkazish, ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish vazifasi qoʻyildi.
Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi kerakligi aytildi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.


