Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Rossiya banklari Ukrainaga hujum boshlanishidan oldin sanksiyalarning oqibatlarini prognoz qilgani maʼlum boʻldi

Bankirlar eng ogʻir ssenariyda ham Markaziy bankka qarshi sanksiyalarni kutmagan.

Foto: “krymr.ru”

Rossiya Markaziy banki va davlat banklari hali “harbiy operatsiya” boshlanishidan bir oy oldin Putinga Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi sababli qattiq sanksiyalarning oqibatlari haqidagi prognozni taqdim etdi. Bu haqda Frank Media hisobotlar mazmuni bilan tanish boʻlgan manbalarga tayanib xabar berdi.

Rossiya Markaziy banki, “Sber” va “VTB” Ukrainada “harbiy operatsiya” boshlanishidan bir oy oldin Prezident Vladimir Putin va hukumatga Kiyev atrofidagi vaziyatning keskinlashishi sababli sanksiyalarning qattiq versiyasi oqibatlari haqidagi oʻzlarining bahosini taqdim etgan.

Manbalarga koʻra, bankirlar uchun hukumatga Ukraina atrofidagi vaziyat yanada avj olishining iqtisodiy oqibatlarini koʻrsatishi muhim edi. Oʻsha paytda Donesk va Lugansk mustaqilligini tan olish eng qiyin ssenariy hisoblangan.

“Hatto eng shiddatli tasavvurga ega ishtirokchilar ham bu qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qila olmadi”, — dedi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Davlat banklari va Markaziy bank oʻz zararlarining prognozini tayyorlagan va keyin ularni hukumatga taqdim etish uchun umumiy hisobotga birlashtirgan. Ushbu taqdimotning asosiy fikrlari nashrga turli idoralardagi manbalar tomonidan tasdiqlangan.

“Qattiq sanksiyalar” sharoitida moliyachilar yalpi ichki mahsulotning 10 foizga yoki undan koʻproq pasayishini, ishsizlikning 4 foizdan 12 foizgacha oʻsishini, asosiy stavkaning 20–30 foizgacha koʻtarilishini, dollar va yevroning 150–200 rublga oshishini bashorat qilgan. Ular, shuningdek, texnologik embargo tufayli mamlakat rivojlanishining kechikishi va banklarni 5–6 trillion rublga qoʻshimcha kapitallashtirish zarurati haqida ogohlantirgan.

“Bu raqam chet elda bloklangan aktivlarning rubl kursining pasayishiga moslashtirilgan taxminidir”, — dedi suhbatdoshlardan biri.

Frank Mediaʻning barcha manbalari hatto eng ogʻir ssenariyda ham Markaziy bankka qarshi sanksiyalarni koʻrib chiqmaganligini taʼkidladi.

“Harbiy operatsiya” boshlanganidan soʻng AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya Rossiya Markaziy banki bilan barcha operatsiyalarni bloklab, uni valyuta va oltinda joylashtirilgan xalqaro zaxiralardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qildi. Ushbu chora regulyatorni rublni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan valyuta intervensiyalaridan voz kechishga majbur qildi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yettita bankini SWIFT tizimidan uzib qoʻygani xabar qilingandi. Shuningdek, Kanada birinchi boʻlib Rossiya neftidan voz kechgani haqida xabar berildi.