JPMorganʻning ogohlantirishicha, Rossiya 1998 yildagidan ham yomonroq iqtisodiy inqirozga duch kelishi mumkin. Bu haqda Bloomberg nashri JPMorgan Chase tahlilchilari hisobotiga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, JPMorgan 2022 yil Rossiya yalpi ichki mahsuloti 7 foizga qisqarishini kutmoqda. Goldman Sachs, oʻz navbatida, Rossiya iqtisodiyotining 9 foizga pasayishini bashorat qilmoqda. 1998 yilgi inqirozda Rossiya iqtisodiyoti 5,3 foizga qisqargandi.
“Sanksiyalar barqarorlikning ikki ustuniga putur yetkazmoqda — Markaziy bank valyuta zaxiralarining ʻqoʻrgʻoniʻ va Rossiyaning joriy hisobidagi profitsit. Sanksiyalar chuqur tanazzulga yuz tutayotgan Rossiya iqtisodiyotida oʻz izini qoldiradi”, deyiladi JPMorgan hisobotda.
Shunga qaramay, investorlarning taʼkidlashicha, Ukrainaga hujumning insoniy va geosiyosiy oqibatlari 1998 yilda kuzatilganidan kattaroq boʻlsa-da, qisqa muddatli istiqbolda rublning pasayishi kamroq boʻldi va Moskvada defoltning oldini olish uchun koʻproq imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, agar boshqa davlatlar energiya eksportiga sanksiyalar joriy etishga qarshilik koʻrsatishda davom etsa.
“Eng tashvishli narsa uzoq muddatli istiqboldir. Sanksiyalar qanchalik uzoq davom etsa, ayniqsa, agar ular gaz va neft eksportiga tatbiq etilsa, Rossiya kelgusi yillar davomida daxlsiz kapital bozoriga aylanishi ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi”, — deydi State Street Global Markets eksperti Tim Graf.
Bloomberg Economics hisob-kitoblariga koʻra, neft va gaz eksportini blokirovka qilish Rossiya iqtisodiyotini 2022 yilda taxminan 14 foizga qisqartirishi mumkin. Biroq Gʻarb davlatlari Rossiya energetika resurslariga nisbatan sanksiyalar qoʻllashga shoshilmayapti, chunki ular bunday choralar oʻz iqtisodiyotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishidan qoʻrqadi.
Xuddi shunday prognozni avvalroq milliarder Oleg Deripaska ham aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, kamida yaqin uch yil ichida Rossiyani “qattiq” inqiroz kutmoqda.
“Buni tasavvur qilish uchun 1998 yilgi inqirozni uchga koʻpaytiring”, — degan edi tadbirkor.
Avvalroq Rossiya banklari Ukrainaga hujum boshlanishidan oldin sanksiyalarning oqibatlarini prognoz qilgani haqida xabar berildi. Shuningdek, Rossiya kompaniyalari yoppasiga Xitoy banklarida hisob raqam ochishni boshlagani xabar qilindi.


