Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Rossiya 36 ta mamlakat bilan aviaqatnovlarga cheklov oʻrnatdi

Parvozlar faqat maxsus ruxsatnoma bilan amalga oshirilishi mumkin.

Foto: “life.ru”

Rossiya 36 ta mamlakat aviakompaniyalarining parvozlariga cheklov oʻrnatdi. Bu haqda Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, cheklovlar xalqaro qonunlarga rioya qilish maqsadida va Rossiya aviatsiya sanoatiga qarshi sanksiyalarga javob sifatida kiritilgan. Avvalroq Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Kanada osmonini Rossiya samolyotlari uchun yopgan edi.

Qayd etilishicha, Rossiya havo hududi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan Avstriya, Bolgariya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, shuningdek, Buyuk Britaniya va Kanada uchun yopiq.

“Ushbu mamlakatlardan parvozlar Federal havo transporti agentligi yoki Rossiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma bilan amalga oshirilishi mumkin”, deyiladi Rosaviatsiya xabarida.

Taʼkidlash kerakki, Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasi boshlanganidan soʻng bir qancha davlatlar oʻz havo hududini Rossiya samolyotlari uchun yopdi. Xususan, buni Buyuk Britaniya, Kanada, 27 fevralda esa butun Yevropa Ittifoqi ushbu cheklovni joriy etdi. Rosaviatsiya bu harakatlarini “doʻstona emas” deb atadi.

Avvalroq Polsha rossiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani xabar qilingandi. Shuningdek, Facebook Rossiya davlat OAVlariga reklama joylashtirishni taqiqlagani haqida xabar berildi.