Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo mamlakat endi Rossiyadan neft xarid qilmasligini eʼlon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Kanada Ukrainaning Rossiya harbiylariga qarshi qahramonona mudofaasini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi. Biz Rossiyadan barcha neft importini taqiqlash niyatimizni eʼlon qilamiz, bu sanoat Prezident Putin va uning ʻoligarxlariʻ uchun katta foyda keltirgan”, — dedi Tryudo.
Kanada neft eksporti boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi, bu mamlakat uchun Rossiyadan import qilinadigan neftning ulushi 1 foizdan kam. 2020–2021 yillarda Kanada Rossiyadan neft sotib olmadi va faqat neft mahsulotlarini import qildi — har yili mos ravishda 132 million dollar va 277 million dollar.
Uglevodorodlarning asosiy qismi Albertada ishlab chiqariladi. Ushbu provinsiya Irving Oil, Suncor Energy, Valero Energy Corp va Cresta Fund Management kompaniyalariga qarashli sharqiy Kanada neftni qayta ishlash zavodlaridan uzoqda joylashgan.
Shuningdek, Kanada “maxsus operatsiya” tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga qoʻshildi. Jumladan, Rossiyani SWIFT tizimidan uzish va Rossiya Markaziy bankining valyuta zaxiralariga kirishini cheklashni qoʻllab-quvvatladi.
Bundan tashqari, Tryudo hukumat Kanadaning mustaqil radio, televideniye va telekommunikatsiya regulyatoridan Rossiya homiyligidagi RT kanalini taqiqlashni soʻraganini maʼlum qildi. Kanadalik operatorlar oʻz ixtiyori bilan RT translyatsiyasini toʻxtatishlarini aytdi.
Avvalroq Gʻarbning yirik neft kompaniyalari 41 milliard dollarlik aksiyalarni qayta sotib olishi xabar qilingandi. Shuningdek, Rossiya 36 ta mamlakat bilan aviaqatnovlarga cheklov oʻrnatgani haqida xabar berildi.


