Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

HamkorBank sanksiya ostida qolgan “Sberbank” orqali oʻtkazmalar qabul qilishni tikladi

Texnik ishlar toʻliq bartaraf etilganligi sababli oʻtkazmalar qabul qilish tiklangan.

Foto: HamkorBank

“Sberbank Onlayn” ilovasi orqali yuborilayotgan oʻtkazmalarni HamkorBank plastik kartalariga kirim qilish imkoniyati qayta tiklandi. Bu haqda bank saytida xabar qilingan.

“Sizlarga shuni maʼlum qilamizki, 25.02.2022 yilgi texnik ishlar toʻliq bartaraf etilganligi sababli ʻSberbank Onlaynʻ ilovasi orqali yuborilayotgan oʻtkazmalarni HamkorBank plastik kartalariga kirim qilish imkoniyati qayta tiklandi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq HamkorBank ortidan “Ipak yoʻli” banki ham “Sberbank” bilan oʻtkazmalarni toʻxtatgani xabar qilingandi.

Qayd etish kerakki, “Sberbank”, “Rayffayzenbank”, VTB, “Rostelekom” banklarining ilovalari faoliyatida uzilishlar ham kuzatilgan.

Bunga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi choralar koʻrish maqsadida “Sberbank”, “Gazprombank”, “Otkritiya” Banklari, “Sovkombank”, “Novikombank”ga qarshi sanksiyalar kiritayotgani hamda ushbu cheklovlar mamlakat bank sektorining 80 foizini qamrab olishi xabar qilingandi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Sharqiy Yevropada olib borayotgan harbiy harakatlari fonida sanksiyalarning ikkinchi paketini eʼlon qildi. Unga koʻra, yangi cheklovlar Rossiya bank bozori va muhim davlat kompaniyalarining 70 foiziga taʼsir qiladi, neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilishni va samolyot qismlarini yetkazib berishni toʻxtatadi.