“Sberbank Onlayn” ilovasi orqali Hamkorbank plastik kartalariga yuborilayotgan mablagʻlarni kartalarga kirim qilish vaqtinchalik toʻxtatildi. Bu haqda bank saytida xabar berilgan.
“Hurmatli mijozlar! Bank tizimlarida olib borilayotgan texnik ishlar va mijozlarimizning moliyaviy yoʻqotishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida «Sberbank Onlayn” ilovasi orqali Hamkorbank plastik kartalariga yuborilayotgan mablagʻlarni kartalarga kirim qilish 25.02.2022 yil kunidan vaqtinchalik toʻxtatildi. Noqulaylik uchun uzr soʻraymiz», deyiladi xabarda.
Qayd etish kerakki, ayni vaqtda “Sberbank”, “Rayffayzenbank”, VTB, “Rostelekom” banklarining ilovalari faoliyatida uzilish kuzatilmoqda.
Avvalroq Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi choralar koʻrish maqsadida “Sberbank”, “Gazprombank”, “Otkritiya” Banklari, “Sovkombank”, “Novikombank”ga qarshi sanksiyalar kiritayotgani hamda ushbu cheklovlar mamlakat bank sektorining 80 foizini qamrab olishi xabar qilingandi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Sharqiy Yevropada olib borayotgan harbiy harakatlari fonida sanksiyalarning ikkinchi paketini eʼlon qildi. Unga koʻra, yangi cheklovlar Rossiya bank bozori va muhim davlat kompaniyalarining 70 foiziga taʼsir qiladi, neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilishni va samolyot qismlarini yetkazib berishni toʻxtatadi.


