Texnik sabablarga koʻra “Ipak yoʻli” banki orqali Unistream pul oʻtkazmalarini joʻnatish va qabul qilish hamda “Sberbank Onlayn” orqali joʻnatilgan oʻtkazmalarni bank kartalariga kirim qilish vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli mijozlar! Texnik sabablarga koʻra ʻIpak Yoʻliʻ banki orqali Unistream pul oʻtkazmalarini joʻnatish va qabul qilish vaqtincha toʻxtatildi
Ofis banklarida Western Union, MoneyGram va ʻZolotaya Koronaʻ tizimlari odatdagidek tartibda faoliyat koʻrsatmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Sberbank Onlayn” orqali joʻnatilgan oʻtkazmalarni bank kartalariga kirim qilish ham vaqtincha toʻxtatilgan.
“Xizmatlar qayta tiklanishi haqida qoʻshimcha xabar beramiz. Toʻgʻri tushunasiz degan umiddamiz”, deyiladi xabarda.
Avvalroq HamkorBank sanksiya ostida qolgan “Sberbank” bilan oʻtkazmalarni toʻxtatgani xabar qilingandi.
Qayd etish kerakki, “Sberbank”, “Rayffayzenbank”, VTB, “Rostelekom” banklarining ilovalari faoliyatida uzilishlar ham kuzatilgan.
Bunga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi choralar koʻrish maqsadida “Sberbank”, “Gazprombank”, “Otkritiya” Banklari, “Sovkombank”, “Novikombank”ga qarshi sanksiyalar kiritayotgani hamda ushbu cheklovlar mamlakat bank sektorining 80 foizini qamrab olishi xabar qilingandi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Sharqiy Yevropada olib borayotgan harbiy harakatlari fonida sanksiyalarning ikkinchi paketini eʼlon qildi. Unga koʻra, yangi cheklovlar Rossiya bank bozori va muhim davlat kompaniyalarining 70 foiziga taʼsir qiladi, neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilishni va samolyot qismlarini yetkazib berishni toʻxtatadi.


