Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Sber”, “Gazprombank” va boshqalar. AQSH Rossiya bank sektorining 80 foiziga qarshi sanksiyalar paketini eʼlon qildi

Rossiya dollar, funt va yenada biznes yuritishdan cheklab qoʻyiladi.

Foto: “glas.ru”

Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi choralar koʻrmoqda. Rasmiy Vashington “Sberbank”, “Gazprombank”, “Otkritiya” Banklari, “Sovkombank”, “Novikombank”ga qarshi sanksiyalar kiritadi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu xabarlar fonida “Sberbank” aksiyalari 40 foizdan koʻproqqa tushib ketgan.

AQSH Gʻaznachiligining tushuntirishicha, “Sberbank” oʻz mijozlari uchun amalga oshirishga urinayotgan dollardagi barcha toʻlovlari Amerika banklariga kirganida rad etiladi.

AQSH Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, sanksiyalar umuman olganda, Rossiya bank sektorining qariyb 80 foizini qamrab oladi. Shuningdek, barcha Amerika moliya institutlariga 30 kun ichida , “Sberbank”ning vakillik hisoblarini yopish buyurilgan.

Bundan tashqari, AQSH “AP Ivanov” savdo uyining sobiq rahbari Ivanov, “Rosneft” rahbari Sechin va Federal xavfsizlik xizmati direktori Patrushevning oʻgʻillariga nisbatan sanksiyalar kiritayotganini eʼlon qilgan.

Bunga qadar, AQSH Prezidenti Jo Bayden Putinning Ukrainadagi harbiy harakatlariga javoban jiddiy choralar koʻrishini maʼlum qilgandi.

“Biz kiritayotgan sanksiyalar Rossiyaning SWIFT banklararo tizimidan uzilishi taʼsiridan oshib ketadi. Ular ilgari kiritilgan har qanday cheklovlardan ustun boʻladi”, — deydi Amerika rahbari.

Uning soʻzlariga koʻra, cheklovlar Bank VTB, yuqori texnologiyali import va biznes uchun valyuta operatsiyalariga taʼsir qiladi. Rossiya dollar, funt va yenada biznes yuritishdan cheklab qoʻyiladi. Shuningdek, AQSH va G7 yetakchilari Rossiyadan yuqori texnologiyali mahsulotlar importini 50 foizga cheklamoqchi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlari bir ovozdan Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini qabul qilgani xabar qilingandi.