Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Amazon Visa bilan komissiya yigʻimi boʻyicha kelishmovchilik tugaganini eʼlon qildi

Kompaniya Singapur va Avstraliyada Visa bilan toʻlov qiluvchilarga joriy etilgan 0,5 foizli qoʻshimcha toʻlovdan voz kechdi.

Foto: Financial Times

Amazon Visa bilan komissiya yigʻimi boʻyicha kelishmovchilik tugaganini eʼlon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Amazon va Visa toʻlovlardan olinadigan komissiya miqdori boʻyicha kelishuv imzolagan va shu tariqa 2021 yilning noyabr oyidan beri davom etayotgan bahsga barham bergan.

Noyabr oyi oxirida Amazon toʻlov operatorining yuqori komissiya yigʻimi tufayli Buyuk Britaniyada chiqarilgan Visa kredit kartalarini toʻlov uchun qabul qilishni toʻxtatish bilan tahdid qilgandi. Komissiya yigʻimlari Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etgandan keyin oʻsgan.

Yevropada bunday komissiyalar miqdori boʻyicha qonunchilik chegarasi mavjud boʻlib, 0,3 foizni tashkil etadi. Breksitdan soʻng Amazon tomonidan toʻlanadigan komissiyalar 1,5 foizgacha koʻtarilgan.

Bunday yuqori komissiya toʻlashni istamagan Amazon 2022 yil 1 yanvarni soʻnggi muddat etib belgilab, shundan soʻng Britaniyada Visa kartalari bilan ishlashni toʻxtatishga majbur boʻlgandi. Biroq, kompaniya keyinchalik bu qarorni Visa bilan muzokaralar oʻtkazilgungacha qoldirganini eʼlon qilgan. 17 fevralda esa muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Kompaniyalar Amazonʻning Visa kartasi bilan qilingan har bir xarid uchun toʻlashi kerak boʻlgan komissiya miqdori toʻgʻrisida global shartnoma tuzgan. Buning natijasida Buyuk Britaniyada komissiya yigʻimi miqdori kamayadi.

Bundan tashqari, kelishuv doirasida Amazon 2021 yilning 1 noyabrida Singapur va Avstraliyada Visa kartalari bilan toʻlovlarni amalga oshiruvchi mijozlar uchun joriy qilingan 0,5 foizlik qoʻshimcha toʻlovdan voz kechishini eʼlon qilgan. Bu bilan Amazon oʻz mijozlarini boshqa toʻlov kartalariga oʻtishga undashga va shu orqali Visaʻni jazolashga harakat qilgandi.

Avvalroq Amazon xodimlarning ish haqini 160 ming dollardan 350 ming dollarga koʻtarishi xabar qilingandi. Shuningdek, Visa yirik bozorlarda karta toʻlovlari uchun komissiyani pasaytirishi haqida xabar berildi.