Oq uyda Ukraina boʻyicha brifing oʻtkazilganidan soʻng AQSH qimmatli qogʻozlari bozori “quladi”. Bu haqda “Kommersantʼ” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Nyu-York fond birjasida AQSHning asosiy indekslari 1,4–2,8 foizga pasaygan. Maʼlumotlarga koʻra, beqarorlik AQSH Prezidenti maslahatchisi Jeyk Sallivanning nutqidan soʻng boshlangan. U amerikaliklarni Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqirgan va Olimpiada vaqtida Rossiyaning bostirib kirishi xavfi borligini maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, asosiy Amerika indekslarining qiymatlari quyidagicha koʻrinish olgan:
- Dow Jones — 34 ming 738,06 punkt (-1,43 foizga qisqargan);
- S&P 500 — 4418,64 punkt (-1,9 foizga qisqargan);
- NASDAQ — 13 ming 791,15 punkt (-2,78 foizga qisqargan).
Taʼkidlanishicha, Sallivan amerikaliklarni urush xavfi tufayli 24–48 soat ichida Ukrainani tark etishga chaqirgan. Shu bilan birga, Vashington Moskva hujum qilishga qaror qilganmi yoki yoʻqligini haqida maʼlumotga ega emas. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Oq uy bayonotlarini vahima koʻtarish deb atagan.
Avvalroq AQSHda yanvar oyidagi inflyatsiya 40 yillik rekordni yangilagani xabar qilingandi. Shuningdek, AQSHda ishsizlik darajasi yanvar oyida 4 foizga oshgani haqida xabar berildi.


