Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 2021 yilda 7,5 foizga oʻsdi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori koʻrsatkichdir. Angliya banki oʻsish 7,3 foizga teng boʻladi deya prognoz qilgandi. Bu haqda Bloomberg mamlakat Milliy statistika boshqarmasi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Bu, shuningdek G7 — “Katta yettilik” davlatlari orasida ham eng yaxshi natija hisoblanadi. AQSH yalpi ichki mahsuloti dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2021 yilda 5,7 foizga, Germaniya yalpi ichki mahsuloti esa 2,7 foizga oʻsgan.
Xabarga koʻra, toʻrtinchi chorakda ham Buyuk Britaniya yalpi ichki mahsuloti pandemiya boshlanishidan avvalgi — 2019 yil oxiriga qaraganda hali kamroq edi. 2020 yildagi inqiroz yilida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 9,4 foizga kamaygan.
“YAIM boʻyicha bunday maʼlumotlar bilan bogʻliq holda, Angliya banki inflyatsiyani jilovlash boʻyicha saʼy-harakatlarini davom ettiradi va kelgusi oylarda foiz stavkalarining yanada oshishi kutilmoqda”, deya yozadi nashr.
Angliya banki asosiy stavkani ketma-ket ikki marta, dekabr va fevral oylarida 0,5 foizga oshirdi. 2021 yil dekabr oyida mamlakatda yillik inflyatsiya 5,4 foizgacha tezlashdi, Angliya bankining maqsadi 2 foizlik inflyatsiyani ushlab turishdir.
Shuningdek, dekabr oyida YAIM “omikron” shtami tarqalishi tufayli 0,2 foizga kamaydi, biroq pasayish iqtisodchilar kutganidan kamroq boʻldi.
Bloombergʻning yozishicha, mamlakat iqtisodiyotining tezlik bilan tiklanishiga inqiroz davrida ish oʻrinlari va biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun hukumat tomonidan ajratilgan milliardlab funt yordam koʻrsatgan.
“Buyuk Britaniya iqtisodiyoti dekabr oyida biz kutganimizdan koʻra koʻproq «omikron” shtammiga chidamliligini koʻrsatdi», — deya izohladi Bloomberg Economics muxbiri Den Xenson.
Avvalroq AQSHda yanvar oyidagi inflyatsiya 40 yillik rekordni yangilagani xabar qilingandi. Shuningdek Rossiya iqtisodiyoti 11 yillik pasayishdan soʻng 2021 yil oʻsish qayd etgani haqida xabar berilgandi.


