Yaponiya Ukraina inqirozi tufayli Yevropaga gaz yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda yapon OAVlari Kyodo va NHK hukumat manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainadagi vaziyat keskinlashib, Rossiya va Gʻarb oʻrtasida mojaroga olib kelishi mumkin boʻlgan taqdirda Yaponiya oʻz zaxiralarining bir qismini Yevropaga yetkazib berishga tayyor. Yaponiyadan buni AQSH iltimos qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Yaponiyadan qishki davrda Yevropaga energiya yordami koʻrsatishni AQSH soʻragan. Bu talab Yevropa gaz importining 40 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri kelishi bilan ham bogʻliqdir. Biroq, birinchi navbatda, Yaponiya ichki ehtiyojlar uchun yetarli miqdorda taʼminotni taʼminlashi kerak. Yaponiya hukumati hamkorlik soʻrovi bilan yapon kompaniyalariga murojaat qilishi mumkin.
“Xalqaro energetika agentligi taʼkidlaganidek, Rossiya davlat kompaniyalari ayni paytda tabiiy gaz yetkazib berishni toʻxtatib qoʻymoqda, bu esa yevropaliklar duch kelayotgan rekord darajadagi yuqori narxlarni keltirib chiqarmoqda”, — degan 7 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.
Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Vladimir Chijov soʻzlariga koʻra, “Gazprom” Yevropa Ittifoqiga gaz eksportini koʻpaytirishga majbur emas, u allaqachon qoʻshimcha hajmlarni yetkazib bermoqda.
AQSH va YEI Yevropaga gaz yetkazib berish boʻyicha Osiyo davlatlari bilan muzokaralarni boshlagan. AQSH va uning Yevropadagi ittifoqchilari, agar Rossiya ishtirokida Ukraina boʻyicha mojaro boshlansa, Osiyoning bir necha yirik tabiiy gaz import qiluvchi kompaniyalaridan uni Yevropaga joʻnatishni soʻragan.
Bundan tashqari, Oq uy boshqa gaz ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Qatar, Nigeriya, Misr va Liviya bilan favqulodda gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Rossiya esa Ukraina bilan mojaroni kuchaytirish rejalarini bir necha bor rad etgan.
Avvalroq Yevropadagi gaz omborlari 85 foizga boʻshagani xabar qilingandi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan gaz yetkazib berishni muhokama qilishi haqida xabar berildi.


