Gʻarb davlatlari soʻnggi oylarda Ukrainaga umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik yordam yubordi. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, mamlakatga soʻnggi oylarda ming tonnadan ortiq qurol ham kelgan.
“Ukrainaga xalqaro yordam siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan ortdi. Shu haftalar va oylar davomida biz 1,5 milliard dollardan ortiq mablagʻ oldik, yetkazib berilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnika hajmi esa ming tonnadan ortiq”, — deydi Kuleba matbuot anjumanida.
Ukrainalik diplomatning soʻzlariga koʻra, xorijiy delegatsiyalarning Kiyevga tashrifi “Rossiyani ushlab turishga” yordam beradi. Uning qayd etishicha, 8 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Ukraina rasmiylari mamlakat qurolli kuchlarini mustahkamlash masalasini muhokama qilish niyatida. Diplomat Kiyevda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini ham muhokama qilishni kutmoqda.
Reuters nashrining yozishicha, Ukraina 2021 yil mudofaa uchun 4,3 milliard dollar sarflagan. Rossiyaning oʻtgan yilgi harbiy xarajatlari esa 40 milliard dollarga teng boʻldi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Rossiya va Ukraina urush holatida turibdi. Gʻarb OAVning yozishicha, Rossiya gʻarbiy qoʻshnisiga hujum qilishi mumkin: agressiya Qrim, Rossiya va Belarus tarafdan amalga oshirilishi aytilmoqda. Oʻz navbatida, AQSH va NATO kuchlari qurol yetkazib berish uchun Ukrainaga “havo koʻprigi”ni tashkillashtirgan.


