Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

New York Post va WSJ nashrlari kiberhujumga uchradi. Xitoy razvedka maʼlumotlari yigʻishda ayblanmoqda

Nashrda hujumchilar buzgʻunchilikni aynan qanday amalga oshirgani va qancha xodim zarar koʻrgani haqida batafsil maʼlumot yoʻq.

Foto: “ifex.org”

Milliarder Rupert Merdokning News Corp (New York Post va WSJ) mediaholdingi kiberhujumga uchradi. Bu haqda kompaniya oʻz bayonotida maʼlum qildi.

Nashr qilingan hujjatlarda muammo yanvar oyida aniqlangani va xizmatlari News Corp uchinchi tomon kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan bulutli tizimlardan birining ishlashi bilan bogʻliqligi koʻrsatilgan (kompaniya nomi oshkor qilinmagan).

“Ushbu tizimlardan biri doimiy kiberhujumlar nishoniga aylangan”, deyiladi hujjatda.

Hujjatlarda kompaniya hujumning maʼlum bir xorijiy hukumat bilan aloqasi borligiga ishora qilgan, shuningdek, maʼlumotlar sizib chiqishi haqida xabar bergan. Mediaholding hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur boʻladigan xarajatlarni hozircha hisoblab bera olmasligini maʼlum qildi.

Korporatsiya tarkibiga kiruvchi The Wall Street Journal manbasiga koʻra, kiberhujum 20 yanvar kuni sodir boʻlgan. Bu mediaholdingning nashrlari va biznes boʻlinmalariga, jumladan WSJʻning oʻzi, Dow Jones agentligi, New York Post gazetasi va News Corp bosh qarorgohiga taʼsir koʻrsatgan.

News Corp buzgʻunchilikni aniqlaganidan soʻng, huquqni muhofaza qilish organlari bilan bogʻlanib, Mandiant kiberxavfsizlik kompaniyasini tergov uchun jalb qildi.

“Hujumning maqsadi, ehtimol, Xitoy manfaatlari uchun razvedka maʼlumotlarini yigʻish edi”, — Mandiat vitse-prezidenti Devid Vong.

WSJ manbalariga koʻra, buzgʻunchilik oqibatida xakerlar kompaniyaning oʻnlab xodimlari, jumladan, jurnalistlarning elektron pochtalari va hujjatlariga kirish huquqiga ega boʻldi: Google xizmatlaridagi hujjatlar, jumladan, qoralama maqolalar hujumchilar qoʻlida boʻlgan.

“Moliyaviy maʼlumotlar va mijozlar maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan tizimlarga taʼsir qilinmagan”, — dedi Vong.

Nashrda hujumchilar buzgʻunchilikni aynan qanday amalga oshirgani va qancha xodim zarar koʻrgani haqida batafsil maʼlumot yoʻq. Shu bilan birga, WSJ manbalariga koʻra, tergov hakerlar tizimga 2020 yil fevral oyida kirganini koʻrsatgan.