Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

“Kemalar foydali sarmoyaga aylanmoqda”. 2021 yil super yaxtalar savdosi 77 foizga oʻsdi

2021 yil yirik yaxtalar sotuvi kuzatilgan butun vaqt davomida rekord koʻrsatkich oʻrnatildi

Foto: Thelastminuteʻs flickr photostream

Dunyo boʻyicha 2021 yilda 887 ta super yaxta sotilgan, bu 2020 yilga nisbatan 77 foizga, 2019 yildagi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp. Bu haqda VesselsValue dengiz maʼlumotlari kompaniyasi hisobotida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yili yirik yaxtalar sotuvi kuzatilgan butun vaqt davomida rekord koʻrsatkich oʻrnatilgan. VesselsValue ekspertlari dunyoning eng boy odamlari boyligining oʻsishi va ularning koronavirus pandemiyasi fonida yakka dam olishga boʻlgan ehtiyojini talabning asosiy omillari bilan bogʻladi.

Forbes roʻyxatidagi 2660 milliarderning umumiy boyligi 2021 yilning yanvar oyidan dekabr oyining boshigacha 1,6 trillion dollarga oshgan.

Bloombergʻning yozishicha, 2022 yilda fond bozorlaridagi foiz stavkalarining koʻtarilishi va oʻzgaruvchanligi inventar etishmasligi tufayli, hech boʻlmaganda, keyingi bir necha oy ichida yaxtalar narxini pasaytirib yuborishi dargumon.

“Hozir yaxta egalari uchun ajoyib vaqt. Kemani bir yil avval sotib olganlar endi uni daromad evaziga sotishlari mumkin va butun mavsum davomida tekin yaxtada sayohat qilishlari mumkin”, — dedi kompaniyaning super yaxtalar boʻlimi rahbari Sem Taker Bloombergʻga bergan intervyusida.

Mana shu voqealar fonida mega yaxtalar foydali sarmoyaga aylanmoqda. VesselsValue maʼlumotlariga koʻra, 2021 yilda ularning narxi 5-8 foizga oshdi.

Avvalroq 2021 yilda sotilgan 10 ta eng qimmat super yaxta reytingi taqdim etilgandi.