Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2022 yilning yanvar oyida qurilish sohasidagi davlat xaridlari boʻyicha oʻtkazilgan monitoring va tahlil natijalarini eʼlon qildi.
Maʼlum qilinishicha, agentlik tomonidan 2022 yilning yanvar oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid eʼlonlar masofaviy monitoring tartibida oʻrganilgan.
Oʻrganishda, davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sunʼiy ravishda qismlarga boʻlingani, ayrim davlat xaridlarida bir xil ishtirokchilar takroran gʻolib boʻlgani, ayrim buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlarni “Shaffof qurilish” axborot markazining tender.mc.uz maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Qayd etilishicha, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunining 46-moddasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizomning 3-bandida, davlat buyurtmachilarining va Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravaridan ortiq (675 million soʻm) boʻlgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari tender.mc.uz maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd qilingan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilib kelinmoqda. Xususan:
- “Navoiy savdo kompleks” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yil 5 yanvar kuni jamiyat savdo kompleksini taʼmirlash boʻyicha amalga oshirilgan qiymati 21,7 milliard soʻmlik;
- “Toshkentdonmahsulotlari” AJ buyurtmachiligidagi 2022 yil 18 yanvar kuni jamiyat maʼmuriy binosini joriy taʼmirlash yuzasidan amalga oshirilgan qiymati 1,627 milliard soʻmlik;
- “Paxtasanoat Ilmiy markazi” AJ buyurtmachiligidagi 2022 yil 17 yanvar kuni mehmonxona binosidagi 5 ta xonalarni buzib qayta rejalashtirish va dizayn asosida 8 ta lyuks xonalarga aylantirish yuzasidan amalga oshirilgan qiymati 996 million soʻmlik;
- “Transgazinjiniring” MCHJ buyurtmachiligida 2022 yil 21 yanvar kuni “qurilish-taʼmirlash ishlari”ni bajarish yuzasidan amalga oshirilgan qiymati 2,456 milliard soʻmlik;
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi “Maʼmuriy-xoʻjalik xizmati” DUK buyurtmachiligida 2022 yil 24 yanvar kuni vazirlik maʼmuriy binosini joriy taʼmirlash yuzasidan amalga oshirilgan qiymati 1,681 milliard soʻmlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha buyurtmachilarga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini koʻrib chiqish haqida 7 ta taqdimnoma va Bosh prokuraturaga 3 ta soʻrovnoma kiritilgan.
Avvalroq Oʻzbekistonda 2021 yil qancha davlat xaridlari amalga oshirilgani xabar qilingnadi.


