“Oʻzmetkombinat” 28 yanvar kuni “Li Da Metal Technology” MCHJning 51 foiz ulushini sotib olishni yakunladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bitim kombinatning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirildi. “Li Da Metal Technology”MCHJ Toshkent viloyati Ohangaron shahrida joylashgan. U 2020 yilda Xitoy investori tomonidan ishga tushirilgan. Korxona poʻlat va prokatlash sexlaridan, shuningdek yordamchi maydonchalar: metall parchalarni tayyorlash, elektr podstansiyasi, suv tozalash uchastkasi, kislorod kompressor sexi va laboratoriyadan iborat.
Ushbu korxona P12-P25 bardoshlik darajasi A400-A500 yuqori navli temir prokat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun hamma kerakli metallurgiya va prokatlash uskunalari bilan jihozlangan.
Korxonaning quvvati yiliga 200 ming tonna armaturani tashkil etadi. 2021 yil yakunlariga koʻra “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan 1,08 million tonna metall mahsulotlari ishlab chiqarilib 2020 yilga qaraganda 6,5 foiz oʻsish boʻlgan.


