Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston SHHT doirasida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hujjat ishlab chiqishni taklif qildi

SHHTga aʼzo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining onlayn uchrashuvi oʻtkazildi.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston SHHT doirasida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hujjat ishlab chiqishni taklif qildi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2022 yilning 28 yanvar sanasida Oʻzbekiston bosh vazir oʻrinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining kambagʻallikni qisqartirish masalalari yuzasidan onlayn shaklda uchrashuv tashkil etilgan.

Uchrashuv davomida tomonlar SHHTga aʼzo davlatlarda kambagʻallikni qisqartirishga doir qoʻllaniladigan chora-tadbirlar, maqsadlar va yangi yondashuvlar, kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan tajriba almashish, SHHTga aʼzo davlatlarning tegishli sohalarda, shu jumladan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarini tashkil etish, kambagʻallikni qisqartirish sohasida SHHTga aʼzo davlatlar hamkorligini rivojlantirish istiqbollari masalalarini muhokama qilgan.

Uchrashuvda oʻzbek tomoni kambagʻallikni qisqartirish sohasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlarni taklif etgan:

  • birinchi, SHHT mamlakatlarining kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi uzluksiz hamkorligini yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, mazkur yoʻnalishda doimiy tajriba almashish mexanizmini hamda kambagʻallikni qisqartirishning samarali usullarini joriy etish;
  • ikkinchi, SHHTning barcha mamlakatlari manfaatlariga toʻgʻri keladigan kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tashkilot doirasidagi hujjatni ishlab chiqish va qabul qilish masalasini koʻrib chiqish;
  • uchinchi, SHHT mamlakatlarida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha mutaxassislar uchun seminarlar, master-klasslar, treninglar tashkil etish.

Shuningdek, mazkur tadbirlar kambagʻallikni qisqartirish, ularning samaradorligini oshirish boʻyicha innovatsion vositalarni joriy etishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Avvalroq Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasi belgilangani xabar qilingandi. Shuningdek, Prezident iqtisodiy kompleks rahbarlariga bir qancha vazifalar topshirgani haqida xabar berildi.