Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Qozogʻiston Milliy banki kutilmaganda asosiy stavkani oshirdi

Tahlilchilar bazaviy stavkaning 9,75 foiz darajasida saqlanib qolishini kutgan edi.

Foto: Qozogʻiston Milliy banki matbuot xizmati

Qozogʻiston Milliy banki bazaviy stavkani yillik 9,75 foizdan 10,25 foizga koʻtarishga qaror qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Oldinroq oʻtkazilgan soʻrovda tahlilchilar bazaviy stavka 9,75 foiz darajasida saqlanib qolishini kutgan. DAMU Capital Management bosh direktori Murat Kastayev eng yaxshi yoʻl sifatida stavkani mart oyigacha bir xil darajada ushlab turish kerakligini aytgan.

Qozogʻiston emitentlarining qimmatli qogʻozlari yil boshidan buyon mamlakatdagi notinchliklar tufayli arzonlashgan, suveren risklar esa kuchaygan. Bu davlat obligatsiyalari boʻyicha daromadlilikning oʻsishida namoyon boʻlgan.

“Bunday sharoitda regulyator tomonidan bazaviy stavkaning pasaytirilishi investorlarning tenge aktivlaridan chiqib ketishini yanada kuchaytiradi va tenge kursini zaiflashtiradi. Shuningdek, 2021 yilda inflyatsiya yuqori boʻlgan. Oʻshanda pandemiya, favqulodda holat va blokirovkalar natijasida ichki talab bostirilgan edi”, — deya ogohlantirgan Kastayev.

“Gazprombank”ning MDH davlatlari boʻyicha bosh iqtisodchisi Gulnora Xaydarshinaning fikricha, bazaviy stavkaning oʻzgarmasligi iqtisodiyotning tiklanishini qoʻllab-quvvatlash va kreditlar (shu jumladan, isteʼmol kreditlari) narxining oshishiga yoʻl qoʻymaslikka yordam beradi. Shuningdek, yaqin kelajakda inflyatsiyaga qarshi asosiy chora-tadbirlar esa monetar boʻlmagan xususiyatga ega boʻladi.

“Inflyatsiyaga qarshi kurashda yanvar oyining birinchi yarmida amalga oshirilgan nomonetar chora-tadbirlar endi birinchi oʻringa chiqmoqda. Bunga, birinchi navbatda, ayrim toifadagi oziq-ovqat tovarlariga qoʻyilgan nazorat, shuningdek, kommunal toʻlovlarning 1 iyulgacha muzlatilishi kiradi. Dukkakli mahsulotlar bilan bir qatorda ayrim ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning eksportiga ham cheklov oʻrnatilgan”, — deydi u.

Avvalroq Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirgani xabar qilingandi. Shuningdek, boylik tengsizligi boʻyicha qaysi davlatlar Qozogʻistondan oldindaligi haqida xabar berildi.