Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Prezident xususiylashtirish ishlarini sust tashkil qilgani uchun ikki viloyat hokimiga hayfsan eʼlon qildi

“Oʻzagroservis” jamiyati raisiga hayfsan eʼlon qilishga koʻrsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 yanvar kuni davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi F.Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan eʼlon qilingan.

Davlat rahbari davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar surʼati qoniqarsiz ekanini taʼkidlagan.

Shuningdek, joriy yilda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushishi prognoz qilinayotgan mablagʻlar koʻrsatkichi juda kamligi, tarmoq va hududlarda hanuzgacha 2 mingta samarasiz ishlatilayotgan davlat mulki obyektlari mavjudligi keskin tanqid qilingan.

Xabarga koʻra, viloyat hokimliklari balansida ham yillar davomida 170 ga yaqin boʻsh obyektlar sotilmasdan turibdi. Shuning uchun Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovga xususiylashtirish ishlarini sust tashkil etgani uchun hayfsan eʼlon qilingan.

Shuningdek, Davlat aktivlari agentligining Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarma boshliqlarini ishdan olish, transformatsiya va xususiylashtirish ishlarini oʻz holiga tashlab qoʻygani uchun “Oʻzagroservis” jamiyati raisi R.Xayitovga hayfsan eʼlon qilishga koʻrsatma berilgan.