Oʻzbekistonda QQS toʻlovchining ofis maydoni 18 metr/kvadratdan kam boʻlmasligi talab etiladi. Bu haqda Davlat soliq xizmatining matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, QQS toʻlovchilarni soliq organlarida maxsus roʻyxatdan oʻtkazishda soliq xavfi darajasini aniqlash maqsadida soliq organlari ularning joylashgan joyi manzilini oʻrganishga haqli.
Bunda mulk huquqi yoki ijara yoxud tekin foydalanish asosida bitta yuridik shaxsga oʻrtacha 18 metr/kvadratdan kam maʼmuriy maqsadlarda foydalanayotgan maydon (ofis) toʻgʻri kelsa nominal manzil deb eʼtirof etiladi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda oʻrnatilgan shaharsozlik meʼyorlariga muvofiq ishchi xonalar va kabinetlar 1 shtat xodimiga kamida 6 metr/kvadrat maydon toʻgʻri kelishi hisobidan loyihalanadi.
Yuridik shaxsning rahbari kamida 3 nafar xodimga ega boʻlishi hisobga olinsa, binolarning (ofis) minimal maydoni 18 metr/kvadratni tashkil qiladi.
Ushbu meʼyor real iqtisodiy faoliyatni amalga oshirmaydigan subyektlarni (xususan, bir vaqtning oʻzida bir nechta yuridik shaxs “ommaviy roʻyxatga olish” manzilida roʻyxatdan oʻtganligini) aniqlash maqsadida oʻrnatilgan.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda 149 ming 371 ta QQS toʻlovchining:
- 99,5 foizi ushbu mezonga tushmaydi;
- 0,5 foizi (742 ta subyekt) zaruratdan kam maydonga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi qarorida nazarda tutilgan mezonlar faqat QQS toʻlovchilarini xavf guruhlariga ajratish uchun qoʻllaniladi va QQS toʻlovchisi hisoblanmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilganlar, oilaviy korxonalar va yuridik shaxslarga qoʻllanilmaydi.
Bunda, ushbu mezonlar tadbirkorlik faoliyatini taqiqlash uchun asos boʻlmaydi, balki faqat QQS toʻlovchisi maqomiga muvofiqlik koʻrsatkichi boʻlib xizmat qiladi.
Avvalroq Oʻzbekistonda 2022 yil uchun QQS daromadlari prognoz qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda 2023 yildan QQS 12 foizgacha pasaytirilishi xabar qilindi.


