Kelgusida nominal foiz stavkalarini pasaytirish uchun imkoniyatlar yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy shakllangan pul-kredit sharoitlari makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozlariga muvofiq hisoblanadi va kelgusida inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarini oʻzgarishsiz qoldirgan holda nominal foiz stavkalarini pasaytirish uchun imkoniyatlar yuzaga kelishi mumkin.
Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar taʼsirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchkovlik bilan oʻrganib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrib boradi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2022 yil 10 mart kuniga belgilangan.
Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgandi.


