Eng yirik kompaniyalar rahbarlarining aksariyati (77 foiz) jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshilanishiga ishonmoqda. Bu haqda “Kommersantʼ” PwC konsalting kompaniyasining 2022 yilgi kutilmalar boʻyicha tadqiqotiga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, rahbarlarning faqat 15 foizi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishini kutmoqda. 2021 yili umumiy prognoz deyarli optimistik boʻlib, unda 76 foiz respondentlar global YAIM oʻsishining ehtimoliy tezlashishi haqida gapirgandi.
Baʼzi mamlakatlarda rahbarlarning optimizmi 2021 yilga nisbatan pasaygan. Jumladan, 2021 yilda amerikalik rahbarlarning 70 foizi iqtisodiyotning tiklanishiga umid qilgan, 2020 yilda esa bu koʻrsatkich 88 foizni tashkil etgan.
Xitoyda bu koʻrsatkich 71 foizdan 62 foizga tushgan. Konsalting kompaniyasi buni AQSH va Xitoy inflyatsiya, yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar va koʻchmas mulk pufaklari tufayli iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, koʻplab top-menejerlar Amerika bozoriga ishonishadi. Respondentlarning 41 foizi 2022 yilda kompaniyalarning oʻsish istiqbollari boʻyicha AQSH birinchi oʻrinda ekanligini aytgan (2020 yilda 35 foiz shunday fikrda edi).
Bundan tashqari, 2022 yil biznes uchun asosiy tahdidlar: kiber va sogʻliq uchun xavflar — respondentlarning mos ravishda 49 va 48 foizi shunday degan. Moliyaviy sektor rahbarlarini kiberxavfsizlik masalalari eng koʻp tashvishga solmoqda (59 foiz). Sanoat va isteʼmolchi segmentida faqatgina 40 va 39 foiz kiberhujumlar haqida qaygʻuradi.
Taʼkidlanishicha, PwC 2021 yil oktyabr-noyabr oylarida 89 mamlakatdan 4500 nafar bosh direktorlar orasida soʻrov oʻtkazgan.
Avvalroq Jahon banki global iqtisodiyot oʻsishi prognozini pasaytirgani xabar qilingandi.


