E-aktiv tizimidan lozim darajada foydalanmaganlik uchun 2022 yil 1 iyulgacha soliq toʻlovchilarga taʼsir choralari koʻrilmaydi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tizim tadbirkorlik subyektlariga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda oʻz ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalar hisobini yuritish imkonini beradi.
Xabarga koʻra, hozirda tizimni amaliyotga joriy etishning birinchi bosqichi olib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor elektron hisobvaraq-faktura va bojxona-yuk deklaratsiyalari asosida faqat kiruvchi va chiquvchi tovarlar oqimini avtomatik ravishda hisobga olishga qaratilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining taklif va murojaatlari asosida tizimni yirik avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi dasturiy mahsullari (1C, SAP va boshqalar) bilan integratsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Qoʻmita 2022 yil 1 iyulgacha E-aktiv tizimidan lozim darajada foydalanmaganlik uchun soliq toʻlovchilarga taʼsir choralari koʻrilmasligini maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, mazkur tizim orqali tadbirkorlik subyektlari mahsulotlar kirimi va qoldigʻi hisobini onlayn yuritish va kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi.
Tizimning EHFʻga integratsiya qilinganligi kirim qilinmagan tovarlarni sotishda EHF rasmiylashtirish holatlariga chek qoʻyadi, shuningdek realizatsiya jarayonida EHFʻlarda MXIKlari yagona elektron milliy katalogga muvofiqligini hamda barcha shartnomalar Yagona elektron shartnomalarning axborot portalida majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi.


