“Transchegaraviy pul oʻtkazmalarini taʼminlash boʻyicha toʻlov tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, xorijdan Oʻzbekistonga transchegaraviy pul oʻtkazmalarini amalga oshirish maqsadida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Oʻzmilliybank) negizida “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, mazkur toʻlov tizimi bir qator apparat va dasturiy-texnik vositalarni oʻzida mujassam qilgan tizimli platforma boʻlib, uning ishtirokchilari (kredit tashkilotlari) uchun vakillik hisobvaraqlari orqali transchegaraviy oʻtkazmalar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
“Aziya-Invest Bank” AJ (Moskva shahri) ushbu toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan transchegaraviy oʻtkazmalar boʻyicha Rossiya Federatsiyasidagi hisob-kitob banklaridan biri hisoblanadi.
Qarorga koʻra, Rossiyada ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining ishga joylashish boʻyicha xarajatlarini qoplash maqsadida kreditlar ajratish loyihasi ishlab chiqiladi.


