Асосий мазмунга ўтиш
11август · Сешанба USD 11 934,61 ▼ −0,2% EUR 13 788,05 ▲ +0,1% RUB 144,64 ▼ −0,4% Маълумот: Марказий банк
Янгиликлар

O‘zbekistonda biznesga jarimaning yarmini to‘lashga ruxsat beriladi

Senat tadbirkorlar uchun kafolatlar ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi: ular bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lab, qolganidan ozod bo‘lishi yoki summani avtomatik tarzda olti oyga bo‘lib to‘lashi mumkin. Davlat organlariga maxsus reyestrdan tashqari talablar qo‘yish taqiqlanadi.

Oliy Majlis Senati 8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarini kuchaytirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.

Hujjat bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritadi hamda qonun darajasida tadbirkorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shakllari, moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash qoidalari, tekshiruvlarga qo‘yiladigan talablar va mulk huquqi kafolatlarini mustahkamlaydi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga bunday kafolatlarning asosiy tamoyillari aks etgan alohida moddani kiritish taklif etilmoqda. Ular orasida — qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, biznes subyektlarining tengligi, ishonchni himoya qilish, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi, xususiy mulkning daxlsizligi, shuningdek, qonunchilikning barqarorligi va aniqligi bor.

Bir vaqtning o‘zida biznesning yillik daromad bo‘yicha tasnifiga aniqlik kiritilmoqda:

  • Mikrofirmalar — muassislari jismoniy shaxslar bo‘lgan, yillik daromadi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalar;

  • Kichik korxonalar — daromadi 1 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalar;

  • O‘rta biznes — daromadi 10 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalar;

  • Yirik biznes — daromadi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan korxonalar hisoblanadi.

Jarimaning 50 foizi yoki yarim yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lash

O‘zgarishlardan biri nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ijrosiga taalluqlidir.

Tadbirkor bunday qarorni ikki usuldan biri orqali o‘z ixtiyori bilan ijro etishi mumkin bo‘ladi.

Birinchisi, qaror olingan kundan e’tiboran bir oy ichida jarima summasining 50 foizi to‘lansa, u qolgan yarmini to‘lashdan ozod etiladi.

Ikkinchi variant — olti oyga teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash. Buning uchun tadbirkor birinchi oy ichida jarima miqdorining kamida 1/6 qismi miqdorida dastlabki to‘lovni amalga oshirishi kerak.

“Jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi avtomatik ravishda qo‘llaniladi — alohida murojaat talab qilinmaydi”, — dedi senator Erkin Gadoyev.

Qonun, shuningdek, qonunchilikni buzganlik uchun tadbirkorlik subyektining o‘ziga moliyaviy javobgarlikni qo‘llash uning xodimini avtomatik ravishda ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligini belgilaydi.

Faqat reyestrda bor narsalarni talab qilish mumkin bo‘ladi

Boshqa bir blok Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestriga tegishli.

U biznesga qo‘yiladigan barcha talablar jamlangan ochiq ma’lumotlar bazasi bo‘ladi. Unda talablarning amal qilish muddatlari, muvofiqlikni tasdiqlash uchun zarur hujjatlar, davlat nazorati qoidalari va qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari aks etishi kerak.

Adliya vazirligi vakili Senatda ma’lum qilishicha, reyestrga allaqachon 42 mingga yaqin majburiy talab kiritilgan.

Bunda qonun bilan davlat va nazorat organlari biznesga reyestrda mavjud bo‘lmagan talablarni qo‘ya olmasligi haqidagi tamoyil mustahkamlanmoqda.

Xususiylashtirishni qayta ko‘rib chiqish — mulk daxlsizligini buzishdir

Qonunda davlat organlari tomonidan xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish masalasini tashabbus qilish xususiy mulk daxlsizligini buzish sifatida baholanishi nazarda tutilgan.

Bu, jumladan, xususiylashtirilgan obyektlar qiymatini, baholash natijalarini va baholash hisobotlarining haqqoniyligi ekspertizasini qayta ko‘rib chiqishga ham taalluqlidir.

Davlat, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, sudlar ushbu natijalarni qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish yoki bekor qilishni tashabbus qila olmaydi. Bunday ishlar, hujjatga ko‘ra, ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi kerak.

“Agar mulk ilgari xususiylashtirilgan bo‘lsa, qonunda aniq belgilab qo‘yilmoqda: natijalar qayta ko‘rib chiqilishi, mulk qayta baholanishi mumkin emas. Aksincha bo‘lgan taqdirda javobgarlikka tortish nazarda tutilmoqda… Bu mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi”, — dedi senator Erkin Gadoyev.

Nazorat organi biznes faoliyatini qachon to‘xtata oladi?

Qonun, shuningdek, tadbirkor faoliyatini to‘xtatib turish uchun asoslarni belgilaydi.

Biznes o‘z arizasiga ko‘ra ishni vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin. Bundan tashqari, nazorat qiluvchi organlar faoliyatni ko‘pi bilan 10 ish kuniga to‘xtatib tura oladi, undan ortiq muddatga esa faqat sud qarori bilan.

Bunda nazorat qiluvchi organlarga biznes faoliyatini faqat insonlar hayoti va sog‘lig‘i uchun yuqori xavf tug‘diruvchi omillarning maxsus reyestriga kiritilgan omillar mavjud bo‘lgandagina to‘xtatishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Qolgan hollarda nazorat organlari tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib tura olmaydi.

Yer olib qo‘yilganda tovon puli (kompensatsiya)

Qonunda tadbirkorlarning yer, suv (kvota va limitlar doirasida) va energiya manbalariga ulanish huquqlari alohida mustahkamlanmoqda.

Energiya ta’minoti korxonalari biznesning energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini xavfsiz, ishonchli, barqaror va uzluksiz ta’minlashga majbur bo‘ladi.

Tadbirkorning yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga faqat qonunda nazarda tutilgan zararlar to‘liq qoplanganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.

Tovon puli tarkibiga uchastkada joylashgan ko‘chmas mulkning bozor qiymati, yerga bo‘lgan huquqning bozor qiymati, ko‘p yillik daraxtlar qiymati, ko‘chish va boshqa obyektni vaqtincha ijaraga olish xarajatlari, uchastka va ko‘chmas mulkdan foydalanishdan boy berilgan foyda, shuningdek, qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar kiritilishi kerak.

Senatda ta’kidlanishicha, qonun tadbirkorlar huquqlari kafolatlarini kuchaytirishi va biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini aniqroq belgilab berishi kerak.

Ijtimoiy tadbirkorlik

Hujjatda, shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlik — biznesning ijtimoiy va ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati tushunchasi mustahkamlanmoqda.

Adliya vazirligi vakili majlisda ushbu norma ijtimoiy muammolarni hal etish uchun xususiy sektor imkoniyatlaridan yanada faolroq foydalanish imkonini berishini ta’kidladi.

“Ijtimoiy tadbirkorlik ijtimoiy maqsadlarni tadbirkorlik va bozor mexanizmlari bilan birlashtiradi va ijtimoiy muammolarni barqaror hamda iqtisodiy jihatdan samarali hal etishga xizmat qilishi kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi mexanizmlar boshqa mamlakatlarda ham tartibga solinadi. Xususan, Janubiy Koreyada ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida alohida qonun qabul qilingan, Qozog‘istonda esa tegishli normalar Tadbirkorlik kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

Qonunda ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning oltita asosiy shakli nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari moliyaviy va mulkiy yordam, subsidiyalar ajratish, grantlar hisobidan moliyalashtirish, imtiyozli kreditlar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni o‘z ichiga oladi.

Bunda qonunda moliyaviy va mulkiy qo‘llab-quvvatlash choralari Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga zid bo‘lmasligi kerakligi alohida nazarda tutilgan.