Oʻzbekistonda joriy yil boshidan buyon koʻmir, neft, tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olish hajmi kamaygan.
2026 yil yanvar iyun oylarida 614,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi. Bu 2025 yilning mos davriga (579,7 ming tonna) nisbatan 6% koʻp. Shunga qaramay, benzin ishlab chiqarish hajmi 2024 yildagi 675,9 ming tonnaga nisbatan 9,1% pastligicha qolmoqda.
Uglevodorod qazib olish hajmi izchil qisqarishda davom etmoqda. Yilning dastlabki olti oyida 18,3 mlrd kub metr tabiiy gaz (-16,4%), 313,8 ming tonna neft (-3,1%) va 462,1 ming tonna gaz kondensati (-19,7%) qazib olindi.
2024 yilning yanvar iyun oylariga nisbatan pasayish yanada sezilarli boʻldi: tabiiy gaz qazib olish 18,7% ga, neft 13,9% ga, gaz kondensati esa 26,1% ga kamaydi.
Shu bilan birga, portlandsement va dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishda ijobiy oʻsish surʼati saqlanib qoldi. Yanvar iyun oylarida portlandsement ishlab chiqarish 10,1 mln tonnaga yetib, 2025 yilga nisbatan 2%, 2024 yilga nisbatan esa 31,2% ga oshdi. Dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish 568 ming tonnani tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 2,1%, 2024 yilga nisbatan esa 12,5% ga koʻpaydi.
Yanvar iyun yakunlariga koʻra, koʻmir qazib olish 2,5 mln tonnagacha kamaydi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,7%, 2024 yilga nisbatan esa 3,8% kam.
Hisobot davrida mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,7% ga oshib, 44,14 mlrd kVt·soatga yetdi. Oʻsish asosan kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga taʼminlanib, ular ishlab chiqarishni 36,7% ga oshirib, 14,31 mlrd kVt·soatga yetkazdi. Yirik korxonalar esa elektr energiyasi ishlab chiqarishni 4,6% ga qisqartirib, 29,83 mlrd kVt·soat ishlab chiqardi.
Ayni paytda yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 18,1% ga kamayib, 9,28 mln Gkalni tashkil etdi.


