qtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti yirik sanoat korxonalari uchun uglerod soligʻini joriy etishga tayyorgarlik koʻrishni taklif etdi. Bu tashabbus 30 iyul kuni oʻtkazilgan “Fiskal muloqot”da taqdim etildi.
Institut taqdimotiga koʻra, tayyorgarlik bosqichini 2027 yilda oʻtkazish rejalashtirilmoqda. U chiqindilarni xatlovdan oʻtkazish, soliq bazasi, stavkasi va toʻlovchilar doirasini belgilashni oʻz ichiga olishi kerak.
Soliqning oʻzini esa 2028 yildan boshlab avvaliga eng yirik manbalar uchun joriy etish taklif qilinmoqda. Kelajakda uning amal qilish doirasi boshqa korxonalarga ham kengaytirilishi mumkin.
Soliq bazasi sifatida ikkita variant koʻrib chiqilmoqda: is gazi (uglerod dioksidi) chiqindilarining amaldagi hajmi yoki isteʼmol qilinadigan uglerod yonilgʻisi hajmi.
2029−2030 yillarda stavkalarni oldindan eʼlon qilingan jadval boʻyicha bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. Soliqning aniq parametrlari hozirda ishlab chiqish bosqichida. Fiskal samara 2028 yildan kutilmoqda.
Soliq nima uchun kerak?
Institutdagilarning hisoblashicha, uglerod soligʻi chiqindilar qiymatini korxonalar xarajatlariga kiritish imkonini beradi. Bu kompaniyalarni energiya samaradorligini oshirishga va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga undashi kerak.
Yana bir sabab sifatida xalqaro uglerod tartibga solish tizimining rivojlanishi keltirilmoqda. Chiqindilarga ichki narx belgilash oʻzbekistonlik eksportchilarning xorijda uglerod yigʻimlarini toʻlash xavfini kamaytirishi mumkin.
Taklif tahliliy xarakterga ega va hozircha qabul qilingan qaror yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.


