Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda yer soligʻining bazaviy stavkalari 7 foizga oshdi

Aniq stavkani mahalliy Kengashlar 0,5 dan 1,2 gacha boʻlgan koeffitsiyentni qoʻllagan holda tasdiqlaydi.

Oʻzbekistonda 1 yanvardan boshlab yer soligʻining yangi stavkalari kuchga kirdi. Bu Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 25 dekabrda imzolagan qonunda nazarda tutilgan.

Qonun Soliq kodeksiga soliq va byudjet siyosatidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq bir qator oʻzgartishlarni oʻz ichiga oladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalari oʻrtacha 7%ga oshirildi.

Yuridik shaxslar uchun 1 gektar yer uchun soliqning bazaviy stavkalari quyidagi jadvalda keltirilgan:

Infratuzilma obyektlari joylashgan yerlar uchun soliq stavkasiga qoʻllaniladigan koeffitsiyent 0,45 dan 0,48 ga oshadi. Bu quyidagi inshootlarga taalluqli:

  • elektr uzatish liniyalari va transformator podstansiyalari;
  • umumdavlat aloqa tarmoqlari (havo va yer osti kabellari);
  • umumfoydalanishdagi temir yoʻl yoʻllari;
  • magistral neft va gaz quvurlari;
  • aeroportlarning uchish-qoʻnish yoʻlaklari, rulejli yoʻllar, samolyotlar toʻxtash joylari, radionavigatsiya va yoritish uskunalari;
  • konservatsiyalangan obyektlar.

Jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun yer soligʻining asosiy stavkalari har bir kvadrat metr uchun belgilanadi.

Hududlar Kengashlari va Qoraqalpogʻiston Joʻqori Kengesi yer soligʻi stavkalariga 0,5 dan 1,2 gacha boʻlgan oshiruvchi va pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash huquqiga ega boʻladi.

Qishloq xoʻjaligi yerlari uchun soliq stavkasi ularning meʼyoriy qiymatining 0,95%i darajasida qoladi — bu jismoniy shaxslar uchun ham, yuridik shaxslar uchun ham bir xil. Xuddi shunday stavka issiqxona xoʻjaliklari joylashgan yerlarga ham qoʻllaniladi.

Shuningdek, yangi yildan boshlab yuridik shaxslar uchun yer soligʻi boʻyicha hisobotni tuzishning proaktiv tartibi joriy etilmoqda. Soliq organlari hujjatlarni oʻzlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar va soliq toʻlovchi shaxsiy kabinet orqali kiritgan maʼlumotlar asosida tuzadi.

Soliq toʻlovchi soliq organlari hujjatni tayyorlagandan soʻng 5 kun ichida hisobotga tuzatishlar kiritish huquqiga ega. Agar u buni qilmasa, hisobot toʻlovchi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha hisobot 20 yanvardan kechiktirmasdan topshirilishi lozim.