Oʻzbekistonda ish bilan band aholining 48 foizi soliq toʻlamasdan norasmiy ishlamoqda. Bu haqda 30 iyul kuni Toshkent shahrida oʻtgan muloqotda Fiskal tahlillar instituti boʻlim boshligʻi Uchqun Abdugʻaniyev maʼlum qildi.
Mutaxassis davlat byudjeti ijrosi samaradorligini oshirish boʻyicha tahlillar oʻtkazilganini aytdi. Taʼkidlanishicha, mamlakatda mehnat huquqlarini himoya qilish, rasmiy ishga joylashishni soddalashtirish va nazoratni kuchaytirish orqali rasmiy bandlikni kengaytirish zarur.
“Bugun ish bilan band boʻlganlarning 48 foizi, yaʼni qariyb yarmi norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgani sababli ijtimoiy soliqning muntazam toʻlovlar bazasi cheklanmoqda”, dedi institut vakili.
Uchqun Abdugʻaniyevning hisob-kitoblarga asoslanib aytishicha, mamlakatda 1 million fuqaroning rasmiy bandlikka oʻtkazilishi byudjetida qoʻshimcha 3 trillion soʻmgacha soliq tushumi keltiradi.
“Bu mablagʻ evaziga 480 oʻrinli 100 ta maktab qurish mumkin”, deya taʼkidladi mutaxassis.
Joriy yil aprel oyida Fiskal tahlillar instituti Oʻzbekistonda minimal ish haqini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar ilgari surgandi. Tashkilot tomonidan taqdim etilgan raqamlarda norasmiy bandlik darajasi yuqoridagi muloqotda aytilganidan pastroq koʻrsatilgan.
“Norasmiy bandlik darajasi 38–40 foizni tashkil etadi. Maʼlumotlarga koʻra, 14,7 million iqtisodiy faol aholidan taxminan 5,4 million kishi rasmiy sektorda band”, deyilgan tahlilda.
Shu bilan birga, institut amaliyotda xodimlarni rasman eng kam ish haqi darajasida rasmiylashtirib, daromadning qolgan qismini norasmiy tarzda toʻlash holatlari kuzatilishini ham maʼlum qilgan.
Avvalroq Oʻzbekistonda 1,2 million nafar xodim oyiga 1,3 million soʻmgacha maosh olayotgani maʼlum qilingandi. Mazkur miqdor xarajatlarni qoplashga umuman yetmasligi bildirilgan.


