Oliy Majlis Senati qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qonunni maʼqulladi. Hujjat inspeksiya ruxsatisiz koʻp kvartirali uylar qurganlik uchun yirik jarimalar hamda takroran sodir etilgan holatlar uchun jinoiy javobgarlikni joriy etadi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Qobul Tursunov maʼlum qilishicha, 2017–2025 yillarda jami 11 834 ta koʻp kvartirali uyning zilzilabardoshligi xatlovdan oʻtkazilgan. Oʻrganishlar davomida 3 107 ta uyning loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtmagani, ular oʻrniga xususiy ekspertiza xulosasi olingani aniqlangan. Shuningdek, 1 434 ta obyekt nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtmagan, 185 ta holatda esa binolarga noqonuniy qoʻshimcha qavatlar qurilgan.
Senatorning taʼkidlashicha, 2025 yil 1 iyuldan oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni nazorat inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti toʻxtatilganiga qaramay, noqonuniy qurilishlar soni yana 213 taga oshgan.
Qonunga muvofiq, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining ruxsatisiz koʻp kvartirali uy qurgan fuqarolarga 400 BHM (164,8 mln soʻm), mansabdor shaxslarga esa 450 BHM (185,4 mln soʻm) miqdorida jarima belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, mazkur qoidabuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran sodir etilsa, aybdorlarga 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanadi.


