Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda koʻmir narxi tartibga solish bekor qilingach 2,1 barobar oshdi

Besh oyda koʻmir qazib chiqarish hajmi 36 foizga kamaygan. Vazirlik pasayishni haqiqiy talab va omborlardagi yuqori zaxiralar bilan izohladi.

Oʻzbekistonda koʻmir narxi davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinganidan keyin oʻrtacha 2,1 barobarga oshdi. Bu Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida keltirilgan.

1 iyundan boshlab koʻmir narxi davlat tomonidan tartibga solinadigan strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar roʻyxatidan chiqarildi. Endilikda narxlar bozordagi talab va taklif asosida shakllanadi, savdo esa birja orqali amalga oshiriladi.

Narxlarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi koʻmir narxining keskin oʻsishiga olib keldi. Mazkur qaror togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov taqdimoti yakunlari boʻyicha qabul qilingan. U bilan 26 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan.

Prezident matbuot xizmati xabarida narxlarni maʼmuriy tartibga solish ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligi, investitsiya jalb qilish imkoniyatlari hamda qazib chiqarish hajmini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlangan.

“Bunday yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni taʼminlash hamda ishlab chiqaruvchilarni mahsulot hajmi va sifatini oshirishga ragʻbatlantirishga xizmat qiladi”, deyilgan xabarda.

Issiqlik elektr stansiyalari va yirik isteʼmolchilar koʻmirni tegishli davr uchun shakllangan oʻrtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin boʻladi. Shu bilan birga, 2026 yilning yanvar—may oylarida koʻmir qazib chiqarish hajmi keskin qisqardi. Besh oyda 1,6 mln tonna koʻmir qazib chiqarildi.

Bu 2025 yilning mos davridagi koʻrsatkichdan 36 foizga kam. Oʻtgan yili ushbu davrda 2,5 mln tonna koʻmir qazib chiqarilgan. 2024 yilning yanvar—may oylaridagi 1,9 mln tonna koʻrsatkich bilan taqqoslaganda esa pasayish 15,8 foizni tashkil etdi.