Oʻzbekiston kapital bozorida yangi moliyaviy instrument — ipoteka obligatsiyalari muomalaga kiritildi. Mamlakatda ushbu turdagi qimmatli qogʻozlar bilan ilk birja bitimi amalga oshirildi, deb xabar berdi “Toshkent” respublika fond birjasi.
Maʼlum qilinishicha, “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ huzuridagi “UMRC SPV” MCHJ tomonidan mamlakat tarixida birinchi marta ipoteka obligatsiyalari chiqarildi. Bu Oʻzbekiston kapital bozorida ipoteka bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlarning ilk emissiyasi hisoblanadi.
Loyiha prezidentning 2025 yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Hujjatga koʻra, maxsus vakolatli tashkilot tomonidan tijorat banklarining ipoteka kreditlari jamlanmasi asosida tajriba tariqasida jami 200 mlrd soʻmlik ipoteka obligatsiyalarini muomalaga chiqarish rejalashtirilgan. Ular “Toshkent” respublika fond birjasi orqali joylashtiriladi va muomalaga kiritiladi.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 2026 yil 8 iyul kuni 40,56 mlrd soʻmlik ipoteka obligatsiyalari boʻyicha bitim amalga oshirildi. U yopiq obuna shaklida AT “Xalq banki” ishtirokida oʻtkazildi.
Fond birjasiga koʻra, mazkur bitim ipoteka obligatsiyalarining birja savdolaridagi muomalasiga start berdi va mamlakat kapital bozorida yangi moliyaviy instrumentdan foydalanish imkoniyatini yaratdi.


